Qayd etilishicha, joriy yil 1 iyun kuni soat 12:37larda Qarshi shahridagi Islom Karimov ko‘chasida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Haydovchi Yu.A. boshqaruvidagi davlat raqami 70 L 713 PA bo‘lgan «Jiguli» yuqori tezlikda harakatlanib kelib, boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqdan oshib o‘tib, qarama-qarshi yo‘ldan harakatlanib kelayotgan haydovchi M.A. boshqaruvidagi «Neksiya»ga urilgan.
Oqibatda «Jiguli» haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazi Qarshi filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan u vafot etgan. «Neksiya» haydovchisi ham yengil tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Surishtiruvlarda aniqlanishicha, «Jiguli» haydovchisi belgilangan me'yorlardan ortiq tezlikda harakatlangan va boshqaruvni yo‘qotgan.










