14:24 / 09.06.2021
32202

Kosonsoylik 8-sinf o‘quvchisi otasi bilan mini-traktor yasab sotmoqda

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi Muhammadsodiq Abduhalimov 8-sinfda o‘qiydi. Muhammadsodiq yosh bo‘lishiga qaramay, otasining ko‘magi bilan kichik traktor yasadi.

Yoshligidan texnika yasashga qiziqqan Muhammadsodiq bir yildirki, otasi Umarjon Yo‘ldashev ko‘magida mini-traktorlar tayyorlayapti. Muhammadsodiq yaratayotgan mini-traktor yer ag‘darish, chopiq va haydov kabi qishloq xo‘jaligi yumushlarini bajaradi.

Yosh mashinasozning so‘zlariga ko‘ra, bitta traktorni tayyor holga keltirish uchun ehtiyot qismlarga o‘rtacha 10-12 mln so‘m atrofida mablag‘ ketadi. Ko‘rinishidan ixcham bo‘lgan bu uskunaga yoqilg‘i ham kam sarflanar ekan. Muhammadsodiqning aytishicha, traktorlar tekis yo‘lda soatiga 1 litr benzin sarflaydi. Qishloq xo‘jaligi ishlarini bajarishda yonilg‘i sarfi soatiga 1,5 litrga yetadi.

«Bir oyda 2ta traktor yasayapmiz. Shu kungacha otam bilan 9ta traktorni tayyorlab, 8tasini sotdik. Har biri o‘rtacha 20 mln so‘mdan sotilmoqda. Traktorlarimizga Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatlaridan ham xaridor chiqdi», – deydi yosh ixtirochi.

Ota-bola traktorlarning kuzov qismini o‘zlari temir-tersaklardardan payvandlab yasashadi. Ularga o‘rnatiladigan motor va g‘ildiraklar mahalliy bozordan xarid qilinadi. Yosh ixtirochi kelajakda o‘z faoliyatini kengaytirmoqchi. Traktorlar bilan bir qatorda u mini-ekskavator, mini-buldozer va bog‘larga dori sepuvchi apparatga ega transportlarni ham yasashni rejalashtirmoqda.

Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top