10:37 / 14.06.2021
4414

Braziliya prezidenti niqob taqmagani uchun yana jarimaga tortildi

Foto: Reuters

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru San-Paulu shtatida motokarvon vaqtida himoya niqobi taqmagani uchun jarimaga tortildi. Bolsonaruga may oyida ham xuddi shu sababga ko‘ra jarima solingandi.

Associated Press axborot agentligining xabar qilishicha, 12 iyunda o‘tgan tadbirda 12 ming mototsiklchi ishtirok etgan. Ulardan aksariyati himoya shlemida, biroq niqobsiz bo‘lgan. 

Shtatda 2020 yil may oyidan beri jamoat joylarida niqobsiz yurish taqiqlangan. Unga amal qilmaslik 110 dollarga teng jarima bilan jazolanadi.

Bolsonaru motokarvon vaqtida o‘z tarafdorlari bilan birga harakatlangan, so‘ngra odamlar bilan muloqot qilgan.

Braziliya prezidentining fikricha, koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlarga niqob taqish zarur emas, chunki ular «boshqalarga virus yuqtirmaydi». Buning aksini ta'kidlaydiganlar esa «fanga ishonmaydilar».

Bu orada AQShning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi to‘liq emlangan odamlardan ham virus yuqishi mumkinligini istisno qilmagan.

Braziliya sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda aholining 12 foizi koronavirusga qarshi vaksinaning ikki dozasini olgan. Aksariyat mutaxassislarning ta'kidlashicha, aholining katta qismi emlangandan keyin niqoblarga zarurat qolmaydi.   

Bolsonaru may oyida ham Maranyan shtatidagi namoyish vaqtida niqobsiz bo‘lgani uchun jarimaga tortilgandi.

Mavzuga oid
Top