Bundan bir oy ilgari investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov Yangiyo‘l tumanidagi Sho‘ralisoy sanoat zonasida joylashgan ishlab chiqarish korxonalari yetarli kuchlanishdagi elektr energiyasi bilan ta'minlab berilmayotganiga izoh berib, mazkur muammoni hal qilish ishlari bir oy ichida boshlanishini aytgan.

Mana oradan o‘sha 1 oy vaqt ham allaqachon o‘tib bo‘ldi. Mana shuning o‘zi ham amaldor Voitovning so‘zlari yolg‘on ekanini ko‘rsatib turibdi.

Hikoyamizni Yangiyo‘l tumanining Xo‘jaobod mahallasidan davom ettirsak. Bu yerda joylashgan kichik sanoat zonasida tadbirkorlar jiddiy muammoga duch kelishgan. Hududda har birining bahosi bir necha million dollar turadigan o‘nlab zavodlar qurib bitkazilgan, uskunalar o‘rnatilgan. Ammo ishlab chiqarishni boshlash uchun eng zarur resurs – elektr energiyasi ulab berilmayapti.

Bir yildan oshiq vaqt o‘tibdiki, davlat tashkilotlari turli bahonalar bilan ishni ortga surishda davom etmoqda.

Masalan, qurilish bo‘yoqlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Kavsar-madad» xususiy korxonasi, investitsiya dasturiga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan ishga tushishi kerak edi. Biroq, yetarli kuchlanishli elektr energiyasi yetkazib berilmayotgani sababli ishlab chiqarishni boshlash imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

Korxona ish boshqaruvchisi Firdavs Abdualimovning aytishicha, tadbirkorlar bekorga vaqt o‘tkazishmoqda, boy berilayotgan har bir kun ular uchun bir necha million so‘m zarar keltiryapti.

Firdavs Abdualimov

«Xitoydan 1 million dollarga ishlab chiqarish uskunalari olib kelingan. Bo‘yoq zavodimiz ishlashga tayyor holatda turibdi. Muammo – elektr energiyasi yo‘q. Shu sababli zavodimizni ishlata olmayapmiz.

Energetika vazirligiga bir necha marta murojaat bilan chiqdik. Ular har safar dasturga kiritilgan, deb aytishadi. Lekin hozirgi kungacha hech qanday natija bo‘lmadi.

Zavod ishlashi uchun yuqori quvvatdagi elektr energiyasi kerak. Ikkinchi ishlab chiqarish texnologiyamiz – metal profillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodimiz ham 20 kunda tayyor bo‘ladi. Ammo tok bo‘lmasa, u ham ishlamaydi»,