Bu suratga ham roppa-rosa 2 yil bo‘libdi. Umr juda tez o‘tyapti. Kechagidek yodimda bu uchrashuv. Katta umidlar bilan qaytgandim uchrashuvdan. Umuman, bu tandemning AOKAda ish boshlashi va keyinchalik qilgan ishlarini yuqori baholayman. Hozir ham so‘z erkinligi uchun bevosita va bilvosita kurashib kelayotgan vatanparvar va zamonaviy insonlar deb bilaman ularni.

Xo‘sh, 2 yilda nima o‘zgardi? Qanchalik oldinga qadam tashlay oldik?

Shubhasiz, suratdagi insonlarning ko‘pchiligi kelajakka va OAV sohasiga ancha optimistik ruh bilan qarab turgan edi. Ayniqsa, bu sohaga prezident farzandi kelib qo‘shilishi qaysidir ma'noda prezidentning ham bu sohaga munosabatini ko‘rsatib berdi. Prezident bu munosabatni deyarli har oy turli tadbirlarda jurnalistlar bilan uchrashuvlarda qaytarib kelyapti. Ya'ni so‘z erkinligi kerak, jurnalistlar bizning do‘stimiz, orqaga emas, faqat oldinga yuramiz...

Hozir bizda, ya'ni ko‘proq tahliliy, tanqidiy maqolalar yozuvchi jurnalistlarda, media insonlarida kayfiyat qanday? 2 yil ichida bu sohada oldinga siljish qila oldikmi?

Ko‘p hamkasblarim hozir «yo‘q» degan javobni aytsa kerak. Ochig‘i, mening ham beradigan tezkor birinchi javobim – «Yo‘q, soha rivojlanmayapti, vaziyat ortga qarab ketishga moyildek». Haqiqatan ham hozir ko‘pchilikning kayfiyati yaxshi emas, ikkilanishlar, qo‘rquv, ilhom va g‘ayratning kamayishi... Barchasi ko‘plar qatori menda ham bor.

Balki shunga ham salkam bir yildan beri chetda yashab, ishlarni masofadan boshqarib turibman, kuni kecha deyarli 7 oy deganda yaqinlarni ko‘rish uchun Toshkentga uchib bordim va o‘z uyim, vatanimda o‘zimni «mehmondek» his qilib qaytdim. Ba'zi tashkilotlar meni «juda yaxshi kutib olishdi»...

Shu paytgacha biror marta chegarada meni to‘xtatishmagan. Bu safar esa kirishda ham, chiqishda ham «To‘xtab turing, o‘tirib turing, hozir, ana hozir, mana hozir»lar bilan 30-40 daqiqa ushlab qolishdi. Tushunaman, shu sohada ekanman, bu hali boshlanishi. Nima bo‘lganda ham Alloh yuzimizni yorug‘ qilsin, O‘zidan boshqa hech kimga muhtoj qilmasin.

Mayli, bularni qo‘ya turaylik... Qandaydir sabablarni, pozitiv nuqtalarni izlashga harakat qilib ko‘ray.

To‘g‘ri, qiyin, juda ham qiyin. Lekin bizga kim oson bo‘lishini va'da qilgan edi. Agar faqat pul topish, biznes bo‘lsa, dardimiz o‘yin-kulgi, mayda-chuyda mavzular, shou-biznes, futbol bilan cheklanib, 10-15 nafar jurnalist bilan ishlab, «soqqani bosib» o‘tirardik, lekin biz bu yo‘ldan ketmadik. Hozir jamoada 100ga yaqin xodim ishlaydi. Doimiy izlanishdamiz, deyarli har kuni turli mavzular, murojaatlar, muammo va tahlillar. Daromad esa faqat reklamadan. Alloh barakali qilsin. Ayrim saytlar kabi muammoli masala bo‘yicha murojaatga rasman shartnoma qilib, pul evaziga ishlab o‘tirmaymiz.