Yig‘ilishda jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov va murabbiylar shtabi shartnoma shartlariga muvofiq iste'foga chiqarilgani ma'lum qilindi.

Jamoa sardori Odil Ahmedov milliy jamoadagi faoliyatiga yakun yasaganini aytdi. Tribuna.uz yig‘ilish tafsilotlarini yoritdi.

«Milliy jamoani kim boshqaradi, degan savol bir kunlik emas. Bu masalani futbol faxriylarimiz va mutaxassislar bilan muhokama qilamiz. O‘zimizni va yevropalik murabbiylar nomzodini ko‘ramiz. Keyin yana hech qanday bahona bo‘lmasligi kerak. Kimlar ish boshlashi haqida hali yana ma'lumot beramiz. Milliy jamoa masalasi esa hali yana muhokama qilinadi», – dedi O‘FA rahbari Abdusalom Azizov.

Abdusalom Azizov: «Bu mag‘lubiyat sabablari bir kunda yuzaga kelmagan, bu chuqur o‘rganiladi»

Vadim Abramov: «Odil Ahmedov nega himoyada o‘ynadi? Aziz Haydarov va futbolchilar kelib shunday qilishimni so‘rashdi, rad eta olmadim»

So‘zga chiqqan bosh murabbiy o‘z izohlarini aytib o‘tdi.

«O‘zbekiston milliy jamoasi ikki yil avval Falastindan mag‘lub bo‘lgach, meni bosh murabbiy sifatida tayinlashgan va oldimga milliy jamoani keyingi bosqichga olib chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Biz milliy jamoa tarkibini 70 foizga yangiladik. Shundan keyin Yaman va Singapurni mag‘lub etdik, Saudiya Arabistoniga esa Toshkentda 2:3 hisobida yutqazdik. Bu bahsni futbolchilarimizning tajribasizligi sabab boy berdik. Natijada 1-o‘rinni egallash imkoniyatimiz pasayib ketdi.

Saudiya Arabistonidagi markazlashgan tizimda davom ettirilgan o‘yinlarda esa 3ta o‘yinda 6 ochko olsak keyingi bosqichga chiqardik. Ammo pandemiya tufayli Shimoliy Koreya JCh-2022 saralashidan chiqib ketdi va FIFA boshqa guruhlardagi 2-o‘rindagi jamoalardan 6 ochko olib tashladi. Oxir-oqibat Livan 10 ochko bilan keyingi bosqichga chiqdi, O‘zbekiston esa 15 ochko bilan qolib ketdi. Bosh murabbiy sifatida hamma aybni o‘z bo‘yimniga olaman. Futbol muxlislaridan uzr so‘rayman. Murabbiy bo‘lib ishlaganimda ikki markaziy himoyachi va darvozabonni tayyorlay olmadik. Bu muammo haligacha mavjud», – dedi Vadim Karlenovich.