O‘zbekiston xalq artisti, rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev shu yilning 16 may kuni 76 yoshida vafot etdi. O‘zbek san'ati darg‘alaridan biri bo‘lgan ijodkor “Maysaraning ishi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Farmonbibi arazladi”, “Arshin mol olan”, “Qora kamar”, “Nodirabegim” kabi spektakllarini sahnalashtirib, o‘zbek teatr san'atida o‘chmas iz qoldirdi.

Kun.uz atoqli rejissyorning ibratli, mazmunli hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida xotira ko‘rsatuvi tayyorlashga ahd qildi.

“U kishining repetitsiyasi bir olam edi”

Farhod Abdullayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

— Bahodir aka ayni kuchga to‘lgan, “pishgan” davrida, biz ular bilan ishlashimiz kerak bo‘lgan davrda ketib qoldi. Men baxtli aktyorman. Bahodir aka bilan O‘zbekiston davlat drama teatrida ancha yillar birga ishladik. “Maysaraning ishi”, “Qora kamar” va boshqa juda ko‘plab spektakllarda faoliyat olib bordik. Bahodir aka bilan dunyo kezdik: Germaniya, Shotlandiya, Irlandiya, Angliya davlatlariga bordik. Baxtim shundaki, yillar o‘tib Bahodir aka bilan yana birga ishlashga muvaffaq bo‘ldim.

Kutilmagan bir paytda meni “Diydor” teatr studiyasiga chaqirib qoldilar va: “Farhod, siz menga keraksiz, “Arshin mol olan”ni sahnalashtirmoqchiman. Siz shu asarda mix vazifasini o‘tasangiz, yoshlar sizning atrofingizda aylansa. Sultonbek rolini o‘ynasangiz, boshqalarda buni ko‘rmayapman”, dedi.

Bahodir aka meni juda yaxshi biladi. Teatrda biror aktyor kelmay qolsa, Farhodni chaqiringlar, derdi. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”ga juda og‘ir vaziyatda, boshqa aktyorning o‘rniga kirib kelganman.

O‘sha payti Bahodir akaning o‘zi yotoqxonadan olib ketib, “Alpomish” saroyida, spektakl boshlanishidan oldin shu rolni bergan. Menda hamma rol doim tayyor turishini bilardi.

“Diydor” teatr studiyasiga kelganimda, boshqa Bahodir akani ko‘rdim. Astagina, mo‘ysafidona gapirardilar.

U kishining repetitsiyasi bir olam edi. Bahodir aka juda bosiqlik bilan, unaqamas, bunaqa, deb ohista gapirib, xatolarimizni tushuntirardi.

Mening baxtim – Bahodir Yo‘ldoshev bilan jo‘shqin paytlarida ham, donishmand bo‘lgan vaqtlaridayam ishlashga muyassar bo‘lganimdir.