Jahon | 07:26 / 24.06.2021
7821
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘yin qo‘shimcha vaqtga o‘tdi» – 90 yoshli Uorren Baffett yana 4,1 milliard dollar xayriya qilganini e'lon qildi

Boyligi 100 milliard dollardan oshgan oltinchi inson Uorren Baffet o‘z aksiyalarining barchasini xayriya qilish haqida bergan va'dasining yarmini bajarganini ma'lum qildi. U allaqachon aksiyalarining 50 foizini xayriya uchun sarfladi. Milliarder shu vaqtgacha bugungi qiymati 100 milliard dollarga teng mablag‘ini xayriya ishlariga sarfladi. Baffetning yana 100 milliard dollar puli bor. Dunyo boylari orasida Baffet boyligi 100 milliard dollardan oshgan oltinchi odam hisoblanadi.

U Berkshire Hathway aksiyalarining o‘ziga tegishli 4,1 milliard dollarga teng qismini beshta xayriya fondlariga bo‘lib bergan. Shu tariqa 90 yoshli milliarderning umri davomida xayriyaga ajratgan pullari miqdori 100 milliard dollarga yetdi. Baffet 2006 yil qachondir o‘ziga tegishli barcha aksiyalarini xayriya qilishini e'lon qilgandi. Aksiyalar Baffet boyligining 99 foizini tashkil etadi.

«Bugun 4,1 milliard dollarni xayriyaga sarflab yo‘lning yarmiga yetdim», dedi tadbirkor. Uning aytishicha, va'da bergan 2006 yilida 474 998 ta A seriyadagi aksiyasi bo‘lgan, hozir esa 238 624 ta qolgan. Ularning umumiy qiymati 100 milliard dollarga teng. «Qolgan pullar ham xayriya uchun mo‘ljallangan», deydi Baffet.

Baffetning aytishicha, hayoti uchun zarur bo‘lmagan pullarni xayriya uchun sarflagan va buni o‘zni qurbon qilish deb tushunmaslik kerak: «O‘n yillar davomida sevimli ishim bilan shug‘ullanib, katta pul topdim. Men va oilam hech nimani qurbon qilmadik. Bu pullar bir mo‘jiza kabi topilgan».

Milliarder 16 yil davomida beshta xayriya fondiga umumiy hisobda 41 milliard dollarga teng Berkshire aksiyasini xayriya qilgan. Uning aytishicha, agar hamma aksiyalarini hozir xayriya qilganida, foydaliroq bo‘lar, ularning umumiy qiymati bugun 100 milliard dollarga teng bo‘lardi. Biroq Baffet va uning xotini yoshlik vaqtida xayriya qilib ulgurish kerak deb o‘ylagan.

Milliarder boshqa boylarga ham maslahat berar ekan shunday dedi: «Farzandlarga ular kelajakda xohlaganini qilishi uchun yetarli pul qoldirish kerak. Lekin qoldirilgan pul ular hech narsa qilmaydigan darajada ko‘p bo‘lmasligi kerak».

Uorren Baffet yaqinda ajrashishini e'lon qilgan Bill va Melinda Geytsning xayriya fondidan ketganini ham e'lon qildi. Milliarder bu fondda aytarli ish qilmaganini aytdi. Shuningdek, Baffet o‘zi safida bo‘lgan barcha kompaniyalar direktorlar kengashidan ketganini ma'lum qildi. U faqat Berkshire boshqaruvini saqlab qolgan.

Avgust oyida 91 yoshga to‘ladigan Baffet bu qarorini «oqqush qo‘shig‘i» deb tushunmaslik kerakligini aytdi. U sevimli ishi bilan shug‘ullanishda davom etishi, o‘xshatish o‘laroq «hamon to‘p bilan maydonda ekanini» aytdi. Shuningdek, milliarder «o‘yin allaqachon qo‘shimcha vaqtga o‘tganini» tan olish kerakligini aytib, o‘z yoshiga ishora qildi.

Mavzuga oid