O‘zbekiston | 16:35 / 28.06.2021
9198
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston asali ilk bor Xitoy bozoriga eksport qilindi

Joriy yilning iyun oyida Jizzaxning "XIVA Honey" MChJ korxonasi tabiiy asalni yangi bozor – Xitoyga eksport qila boshladi. Eksport Xitoyning yirik distribyutorlik kompaniyasi bilan asal yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan 500 ming dollarlik shartnoma doirasida amalga oshirilgan.

Mamlakatning Xitoydagi elchixonasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilgan qator salmoqli tadbirlar (reklama-ko‘rgazma) natijasida, qisqa muddat ichida o‘zbek asalini Xitoy bozoriga olib chiqish imkoni yaratildi.

Mazkur imkoniyat 2019 yil avgust oyida O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi ko‘magida Veterinariya qo‘mitasi va Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida o‘zbek asalini Xitoyga eksport qilish bo‘yicha nazorat, karantin va veterinariya talablari to‘g‘risidagi bayonnoma imzolanishi bilan boshlandi. 2020 yil davomida Davlat veterinariya xizmati tomonidan taqdim etilgan materiallar tekshirilib, Xitoyga eksport qilishdan manfaatdor asalarichilar tekshiruvi o‘tkazildi. Natijada, Xitoy bojxona boshqarmasidan 6 ta o‘zbek asalarichilik korxonasiga tabiiy asal eksportiga ruxsat olindi.

2020 yilda ham XXR eng yirik asal ishlab chiqaruvchi, iste'molchi va eksportchisi bo‘lib qoldi. Xitoyda har yili 305 ming tonnaga yaqin asal ishlab chiqariladi. 2020 yilda Xitoyning tabiiy asal importi hajmi 4,3 ming tonna (89 mln dollar)ni tashkil etdi. Asosiy eksportyorlar - Yangi Zelandiya, Avstraliya, Tailand, Germaniya, Kanada, Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya. O‘zbek tabiiy asalining Xitoyga kirib kelishi bilan XXRga asal eksport qiluvchi davlatlar soni yana bittaga ko‘paydi.

Mavzuga oid