Ayni paytda oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga qabul davom etmoqda. Abituriyentlar uchun hozir imtihon o‘tkazuvchi vakolatli tashkilot – Davlat test markazining har bir yangiligi muhim. Shu sabab Kun.uz va Xpress.uz nashrlari hamkorlikda Davlat test markazi direktori Majid Karimov bilan intervyu tashkil qildi.

— Majid aka, oxirgi paytlarda jamoatchilikka, OAVga kam ko‘rinish beryapsiz. Buning sababi nima?

—Buning asosiy sababi pandemiya bilan bog‘liq. Yoshim katta bo‘lgani uchun boradigan joylarga o‘ylab boryapman. To‘g‘ri, shunda ham ko‘p joylarga boraman, lekin hammasi grafik bilan.

— Oxirgi paytlarda turli tashkilotlar imtihon o‘tkazib berish vakolatini Davlat test markaziga yuklayapti va «adolatli bo‘lishi uchun testni DTM o‘tkazgani ma'qul» degan ibora ko‘p ishlatilyapti. Buni, sizningcha, test tizimiga ishonch sifatida baholash mumkinmi?

—Hozir faqat tashkilotlarning emas, xalqning ham testga nisbatan fikri o‘zgardi, ozgina bo‘lsa ham ishonch shakllandi. Bundan juda xursandmiz. Ochiqlik 2017 yilning ikkinchi yarmidan boshlangan bo‘lsa, oldinda hali ham qilinadigan ishlar juda ko‘p.

Hozirgi maqsadimiz faqat yozda ma'lum kunlarda emas, bolalarni qiynamasdan ularga qulay bo‘lgan muddatlarda yil davomida imtihon o‘tkazib borish tizimini joriy qilishdan iborat.

Aslida, OTMlarda joylar yetarli bo‘lganda bizga ehtiyoj ham bo‘lmasdi. OTMlar soni, qabul kvotalari kamligi sabab saralash talab qilinadi. Shuning uchun ham hozir imtihonlar shaffof va adolatli bo‘lishi uchun ularni katta sig‘imli binolarda o‘tkazish ma'qul bo‘lyapti. 2016 yil va undan oldingi yillarda esa test imtihonlari 2 mingdan ortiq binolarda o‘tkazilardi.

Davlat test markazi

—DTM odamlar ishonchini nimalar hisobiga qozonyapti deb o‘ylaysiz?

—Birinchidan, testlar katta sig‘imli binolarda o‘tkazila boshlandi.

Ikkinchidan, imtihonlar onlayn translatsiya qilina boshlandi. Oldinlari binolar ko‘pligi hisobiga va internet muammolari tufayli buning imkoni bo‘lmagan. Hozir ixtiyoriy paytda ixtiyoriy guruhni kamera orqali kuzatib turish mumkin bo‘lgan.