Vaksinalarni aralashtirib qo‘llash mumkinmi?

BBC shu va shu kabi dunyodagi koronavirus bilan bog‘liq so‘nggi xabarlarni keltirdi.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda Covid-19 bilan kasallanish holatlari 181,5 mln.dan oshgan, 3,9 mln kishi vafot etgan. Kasallanish holatlari va o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilar reytingini AQSh, Hindiston va Braziliya boshqarib turibdi.

Fransiya kasallanish holatlari soni bo‘yicha (5,8 milliondan ortiq) Yevropada birinchi o‘ringa chiqdi. Rossiya kasallikdan vafot etganlar soni bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida yetakchi (134,5 mingdan ortiq o‘lim).

Britaniya yana xavotirda

Britaniyada kunlik kasallanish holatlari keskin ortishi tufayli Hongkong ushbu davlatni yuqori xavf toifasidagi davlat sifatida tasnifladi va noma'lum muddatga aviaqatnovlarni to‘xtatdi.

Yangi holatlarning katta qismi ilk bor Hindistonda aniqlangan va tez orada butun dunyoga tarqalib ketgan «Delta» shtammi bilan bog‘liqdir.

Shu bilan birga, Britaniya hukumati koviddan o‘lim darajasi pastligini qayd etmoqda, kasalxonalarga yotqizishga ehtiyoj sezayotgan bemorlar sonidagi o‘sish ham sezilarli emas.

Ammo ko‘pchilik orol davlatdagi vaziyat xuddi birinchi to‘lqin vaqtida bo‘lgani kabi tezda nazoratdan chiqib ketishidan tashvishlanmoqda. Shu munosabat bilan Germaniya ichki ishlar vaziri Horst Zeyehofer Londonni futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining yarimfinal va final o‘yinlariga mezbonlik qiladigan «Uembli» stadioniga tashrif buyuruvchi muxlislar sonini qisqartirishga chaqirmoqda.

Angliya futbol rasmiylari 90 ming tomoshabinga mo‘ljallangan «Uembli» tribunalarining 25 foiziga odam kirishiga ruxsat bergan.

UYeFA esa stadionlarga imkon qadar ko‘proq muxlislar kiritilishini istamoqda. Masalan, Budapeshtdagi o‘yinlarda tribunalar liq to‘lgan.