Davlat xizmatlari agentligi direktori o‘rinbosari No‘'mon Muhammadiyev aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasining bugungi holati va istiqbollar mavzusida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi.
– Prezident farmoni bilan 1 iyundan boshlab tug‘ilish, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralish, o‘lim, ism va familiyani o‘zgartirish, otalikni belgilash hamda farzandlikka olishni qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish kabilar eksterritorial tamoyil asosida amalga oshirilishi belgilangandi. Kelgusida yana qaysi turdagi davlat xizmatlariga nisbatan eksterritorial tamoyil tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda?
– FHDYo sohasida 60 mlndan ortiq qog‘oz ko‘rinishidagi arxiv hujjatlarini elektronlashtirdik, ya'ni hujjatlar raqamlashtirildi. Natijada, endilikda eksterritorial xizmatlarni bajarishimiz imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu xizmatni elektron bazaga kiritmasdan turib amalga oshirish imkonsiz edi. Endi boshqa idoralarning arxivdagi hujjatlarini raqamlashtirish bo‘yicha katta ish olib borilmoqda.

Raqamlashtirish natijasida FHDYo sohasida eksterritorial tamoyil amalga oshirildi, ya'ni fuqaro qaysi joyda ro‘yxatga o‘tishidan qat'i nazar, xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ldi. Deylik, kuyov Nukus shahridan, kelin toshkentlik bo‘lsa, ikkalasi birgalikda ariza topshirishi kerak edi, ya'ni kuyov Toshkentga kelishi yoki kelin Nukusga borishi shart edi. Endi esa shunday imkoniyat yaratildiki, kuyov o‘z shahridan turib arizasini onlayn yuborishi mumkin va ular ro‘yxatga olinadi. Tibbiy ko‘rik masalasi ham xuddi shunday, o‘z hududidan turib tibbiy ko‘rikdan o‘tsa bo‘ladi.
2020 yilda FHDYoga 1 mln 400 ming ariza kelib tushgan bo‘lsa, shundan 400 mingi turli hududlarda yashovchi insonlar tomonidan berilgan. Eksterritorial tamoyilning ishga tushishi fuqarolarga yengillik yaratdi. Hozirgacha 500ga yaqin inson eksterritorial xizmatdan foydalangan.















