So‘nggi kunlarda o‘zbekistonliklar jazirama tafti yana ancha kuchayganini o‘z tanalarida his etishmoqda. Bu esa azaliy savollardan birini yana bir marta kun tartibiga chiqarmoqda: ishchi-xizmatchilarning jaziramada faoliyat yuritishi qanchalik to‘g‘ri?

Anomal ob-havo rekordlari

«O‘zgidromet» so‘nggi kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilayotgan ob-havo o‘rtacha me’yorlardan 2-4 darajaga yuqori ekani, biroq bu O‘rta Osiyo iqlimi uchun, ayniqsa, so‘nggi yillarda bu anomal hodisa emasligini bildirgan.

Biroq ko‘plab o‘zbekistonliklar rasmiy ob-havo ma’lumotlariga shubha bilan qarashadi. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida rasman e’lon qilinadigan havo harorati ko‘rsatkichlari haqiqiysidan bir necha daraja kamaytirib ko‘rsatilishiga ishonuvchilar talaygina.

Har yili ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning turli hududlarida qayd etilgan havo harorati aks etgan termometr ko‘rsatkichlarining suratlari tarqaladi. Ular orasida rasmiy ob-havo ma’lumotidan ancha yuqori harorat qayd etilgan suratlar ham bor. Biroq ushbu ko‘rsatkichlar shu paytgacha rasman tan olinmagan.

Internetda o‘zbekistonliklar tuxumni qumga ko‘mib yoki tovada gazsiz, oftob tig‘ida pishirishgani aks etgan videolar ham uchraydi.

«O‘zgidromet»ning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, iyun oyidagi eng issiq kun 1914 yil 21 iyunda Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida qayd etilgan bo‘lib, havo harorati 49,6 darajaga teng bo‘lgan. Jazirama bo‘yicha mutlaq rekord Buxoro viloyatining Oyoqog‘itma meteorologik stansiyasida 1983 yil 29 iyulda qayd etilgan, o‘shanda harorat +49.8 darajani tashkil etgan.

Iyun oyi boshida O‘zbekiston hududlariga Eron hududlaridan issiq havo massalari kirib kelishi hisobiga Toshkent shahrida kuzatilgan maksimal havo harorati deyarli o‘tgan asr boshlari va XIX asr oxirlarida ushbu kunlarda qayd etilgan rekordlarni yangiladi. Monitoringlar tarixida poytaxtda qayd etilgan eng yuqori havo harorati +44,6 darajaga yetgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 1997 yil 18 iyulda kuzatilgan.

3 iyun kuni +38,2 daraja issiq bo‘ldi. Bungacha ushbu sanadagi eng issiq kun 1895 yili (+37,8) kuzatilgandi. 4 iyun kuni +39,2 (1900 yil, +38,3 daraja), 5 iyun kuni +41,6 daraja (2008 yili, +38,6 daraja), 6 iyun kuni +42,6 daraja (1911 yili, +38,5 daraja), 7 iyun kuni esa +40,8 daraja (1894 yili, +39,7 daraja) harorat qayd etildi. O‘zbekistonda 31 maydagi harorat ham mutlaq maksimumga yetgandi.