Jamiyat | 14:45 / 10.07.2021
14886
2 daqiqa o‘qiladi

“Bu kasb – bolalikdagi orzum” - minorali kran boshqarayotgan navoiylik qiz

Navoiy shahri markazidan turib atrofga boqsangiz, ko‘p qavatli binolar qurish uchun tiklangan o‘nlab minorali kranlarga ko‘zingiz tushadi. O‘shalardan birini kran mashinisti Shodiyona Saydullayeva boshqaradi.

Shodiyona uch yil mobaynida ikkita ko‘p qavatli uyni qurishda bevosita ishtirok etgan. U hatto yigitlar chiqishga hayiqadigan balandlikka har kuni 5-6 marta chiqib-tushadi.

Har bir inson yoshlikdan biror kasbni egallashni maqsad qiladi. 3 nafar akasi bilan birga o‘ynab katta bo‘lgan Shodiyona ham bolalikdan mashinalarga mehr qo‘ygan. Imkon topildi deguncha dadasining “Moskvich” mashinasini haydab qolgan ekan.

“Dadamning mashinasini bir necha marta devorga, daraxtga urib olganman. “Moskvich” bo‘lgani uchun ko‘p shikast yetmagan. Dadam mendan bezor bo‘lgach, mashinasini sotib yuborgandi.

Umuman olganda, yoshligimdan temir-tersakka qiziqqanman. Katta yuk mashinalarni, bahaybat kranlarni ko‘rganimda ularni boshqarishni orzu qilardim. Mana, orzumga yetdim – minorali kran boshqaryapman.

Kranga chiqib-tushishdan qo‘rqmayman. Bu men uchun oddiy mashg‘ulot bo‘lib qolgan. Balanddan turib shaharni kuzatish doimo qiziqarli”, – deydi u.

Ota-ona farzandining xavfsizligini o‘ylaydi. Shodiyona ham bu kasbni egallashini aytganida ota-onasi norozi bo‘lgan. Ammo u shashtidan qaytmagan, ustozidan minorali kran boshqarishni o‘rgangach, sohada o‘qib, guvohnoma olgan.

“Yaqinda, 30 iyun kuni prezident farmoniga ko‘ra “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Medalni ko‘ksimga shaxsan Shavkat Mirziyoyevning o‘zlari taqib qo‘ydilar. Qaysi kasb egasi bo‘lmang, halol mehnat qilsangiz, albatta mehnatingiz e'tirof etilar ekan”, – deya ta'kidlaydi Shodiyona Saydullayeva.

Shodiyonaning ish kuni asosan kran ustida o‘tadi. U hali ko‘plab baland binolar qurilishida ishtirok etish niyatida.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid