21 iyun kuni Kun.uz va Azon.uz saytlari diniy materiallarni dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazmasdan tarqatishda ayblanib, jarimaga tortilgan edi.
Jarimaga sabab bo‘lgan materiallar orasida, xususan, quyidagilar ham bor:
– “Yangi Zelandiya politsiyasi hijob uslubidagi formani tanishtirdi” sarlavhali xabar (Kun.uz);
– “Isroil raketa texnologiyalari zavodida portlash sodir bo‘ldi” sarlavhali xabar (Azon.uz);
– “Turkiya va Rossiyaning munosabatlari yomonlashdi” sarlavhali xabar (Azon.uz);
– “Suriya hukumati kimyoviy qurollar qo‘llagani bois cheklovga uchradi” sarlavhali xabar (Azon.uz);
– “Chad: o‘ldirilgan prezidentning o‘rnini o‘g‘li egalladi” sarlavhali xabar (Azon.uz);
– “Bashar Asad yana prezident bo‘lmoqchi” sarlavhali xabar (Azon.uz).
Kun.uz muxbiri yuqorida ro‘yxati keltirilgan va ikki sayt javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan xabar-yangiliklarning hammasida ham diniy mazmun yo‘qligi haqidagi savol bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayevga yuzlandi.















