Bir necha vazirlar ishtirokidagi matbuot anjumanida mamlakat politsiyasi boshlig‘i Leon Sharlning ma'lum qilishicha, iyun oyi boshida Sanon «siyosiy maqsad»da - davlat to‘ntarishi amalga oshirish va prezident bo‘lish uchun kolumbiyalik olti tansoqchi hamrohligida xususiy samolyotida Haitiga uchgan.

Sharlning so‘zlariga ko‘ra, ushbu fitnada yana ikki tashkilotchi bor, ammo ularning nomi keltirilmagan.

Sanonning uyi tintuv qilinganida qurol va o‘q-dori topilgan. Hozircha bu borada Sanonning o‘zi nima deyayotgani ma'lum emas.

Internetda qidiruv orqali Floridada yashovchi shifokor Kristian Emmanyuel Sanonni topish mumkin, ammo gap aynan u haqida ketayotgani ma'lum emas.

Jovenel Moiz 7 iyulga o‘tar kechasi Haiti poytaxti Port-o-Prens shahri tashqarisidagi uyida o‘ldirib ketildi. Prezidentning rafiqasi og‘ir tan jarohatlari bilan Mayamidagi klinikaga olib borilgan.

Prezident qarorgohiga hujum 26 nafar kolumbiyalik tomonidan amalga oshirilgan, ularning bir qismi - Kolumbiya armiyasining sobiq harbiy xizmatchilari, shuningdek, guruhda ikki amerikalik bo‘lgan - ular kelib chiqishiga ko‘ra haitilik.

Haiti – prezidenti o‘ldirilgan mamlakat. Jovenel Moizni nega otishdi?

Ayni vaqtga kelib guruhning 20 a'zosi, shu jumladan AQSh fuqarolari hibsga olingan, uch kishi xavfsizlik xizmati xodimlari bilan otishma chog‘ida o‘ldirilgan, yana besh kishi qidiruvda.

Internetda Moizning tanasining rentgent tasvirlari tarqalgan. Marhum prezidentning tanasi o‘qlardan ilma-teshik bo‘lgan, boshidan otilgan, ko‘plab suyaklari singan.

Uning rafiqasi hikoya qilishicha, barchasi juda tez ro‘y bergan: uyga bostirib kirganlar prezident biror so‘z aytishga ulgurmasidan uni o‘qqa tutishgan.

Siyosiy chigallik
AQSh Haiti hukumatining infratuzilma obektlarini qo‘riqlash uchun harbiy yuborish to‘g‘risidagi so‘rovini rad etdi, ammo orolga Davlat departamenti, FQB va Milliy xavfsizlik xizmati kengashidan vakillar yo‘l olgan - ular vaziyatni baholashadi va hozirda o‘zini mamlakatning qonuniy rahbari deb e'lon qilgan uch siyosatchi bilan muzokaralar o‘tkazishadi.