Uzbeklife chet eldagi hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Chexiya poytaxti Praga shahrida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan Bahodir Kuchakov bo‘ldi.

Suhbat Chexiyadagi hayot, biznes yuritish va yangi maqsadlar haqida kechdi.
Hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun diplomli bo‘lish shart emas
Namangan viloyatida tug‘ilganman. Hozirda Chexiyada tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. Oliy ma'lumotli emasman, lekin maktabni a'lo baholarga tamomlaganman. Universitetda o‘qimoqchi bo‘lib hujjat topshirdim, lekin kira olmadim. Hozir o‘qimaganimga afsuslanmayman. Sababi kichik bo‘lsa-da o‘z biznesimga egaman. Hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun oliy ma'lumot shart emas, deb o‘ylayman. Yurtimizda ham biznes bilan shug‘ullanganman. Otam kichiklikdan maqsadni katta qo‘yishni o‘rgatgan. Va men oldimga katta maqsadlar qo‘yganman.
Sarmoya va yaxshi biznes g‘oya bo‘lishi kerak
Bolaligimdan dunyo kezish orzum edi. Shu sababli besh yil oldin, tanishim bergan taklif bilan Chexiyaga keldim. Boshida biroz qiynaldim. Lekin tezda moslashib ketdim. Chexiyada yashash sharoiti ancha yaxshi. Men dastlab Chexiyaga ish vizasi bilan 2 yilga kelganman. Har oy davlatga 250 dollar atrofida soliq to‘lar edim. Soliq ichiga tibbiy sug‘urta ham kirib ketadi. Bizga sug‘urta kartasi berishadi. Kasal bo‘lganingizda kasalxonaga borib bemalol bepul davolansangiz bo‘ladi. Tibbiyot tizimi yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga, biror joyda tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lsangiz, sizdan alohida soliq olmaydi. Tadbirkorlik solig‘i ham shu 250 dollar ichiga kirib ketadi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarga davlat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Sarmoya va yaxshi biznes g‘oya bo‘lsa, davlat sizga biznesingizni yuritishda yordamini ayamaydi.

Bu yerda shaxsiy mashinani emas, jamoat transportini afzal ko‘rishadi
Hozirda Praga shahrida istiqomat qilaman. Praga tarixiy shahar. Juda tartibli va ozoda. Chexiyada tug‘ilish kam bo‘lgani uchun chetdan ishchi kuchiga ehtiyoj sezadi. Biz bu yerlarda yashashni orzu qilsak, mahalliy aholi Germaniya, Fransiyaga ketishni xohlaydi. Bu yerda oziq-ovqat mahsulotlari oylikka nisbatan arzon. Davlat nazoratda ushlab turadi. Birdaniga narxlar oshib ketmaydi. Poytaxtda jamoat transporti a'lo darajada. Metro, tramvay va avtobus harakati tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Uzoq vaqt kutib qolmaysiz. Tizim shunday ishlab chiqilganki, shaharning istalgan burchagiga jamoat transportida yetib olish mumkin. Odamlar shaxsiy mashinalardan ko‘ra jamoat transportini afzal ko‘radi. Bunga sabab arzonligi, qulayligi va tartibli harakati deb o‘ylayman. Shaxsiy mashinam bor, lekin metro yoki tramvayda yurishni yaxshi ko‘raman. Yo‘l harakatiga ham amal qilish a'lo darajada. Odamlar ko‘chada mashina bo‘lmasa ham qizil chiroq yonsa, kutib turishadi. Haydovchilar ham bir-biriga xushmuomala.




















