Jamiyat | 15:00 / 14.07.2021
21494
10 daqiqa o‘qiladi

«El-yurt umidi»dan umid yo‘qmi?» - fonddan norozi bo‘layotgan stipendiatlar muammosi

Kun.uz’ga murojaat qilgan stipendiatlar jamg‘arma direktori og‘zaki ravishda kontrakt miqdori 20-25 ming dollardan baland bo‘lgan talabalarning kontrakti to‘lab berilmasligi borasida topshiriq berganini aytmoqda. Fond budjet mablag‘larini tejash maqsadida xorijiy universitetlardan chegirma olishga urinayotganini ma’lum qildi.

2018 yilda «El-yurt umidi» jamg‘armasi tuzilganida yoshlar uchun yangi imkoniyat eshigi sifatida talqin etilgan edi. Ammo endi xorijning nufuzli universitetlarida o‘qib, O‘zbekiston xalqining umidlarini amalga oshirishni maqsad qilgan bir guruh yoshlarning «El-yurt umidi»dan hafsalasi pir bo‘lmoqda.

Jamg‘armaga kelgusi yillarda kamida 5000 nafar o‘zbekistonlik mutaxassisni xorijda tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Jamg‘armaning ikki bosqichli sinovidan o‘tgan stipendiatlar kelgusida davlat ulushi bo‘lgan korxonalarga kelib ishlash majburiyatini oladi, chunki ularning o‘qishiga davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jamg‘arma vasiylik kengashi stipendiat deb e’lon qilgan talabalarning murojaatlari muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Muammo nimada: stipendiatlar nima deydi?

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti bitiruvchisi Asror Arabjanov «El-yurt umidi»ning ikki bosqichli sinovidan o‘tib, AQShning Stenford universitetiga stipendiat deb e’lon qilingan. Jamg‘arma stipendiatning xorijda o‘qish xarajatlarini qoplab berishi lozim. Stenfordda kontrakt to‘lovi miqdori 63 ming dollar, o‘qish xarajatlari jami 107 ming dollarni tashkil etadi. Fond esa stipendiatga bu summani to‘lab bera olmasligini bildirgan.

Asror Arabjonov

«Vestminster universitetida bakalavr bosqichini tugatgach, Kolumbiya, Stenford, Angliya va Germaniyaning nufuzli universitetlariga qabul qilindim. O‘z yo‘nalishim bo‘yicha eng nufuzli universitet – Stenfordni tanladim. Kontrakt 63 ming dollar, shu bilan birga o‘qish xarajatlari jami 107 ming dollarni tashkil etadi.

«El-yurt umidi» stipendiyasiga topshiring, qaytib kelib davlat ishlarida ishlash imkoniyati bor deb maslahat berishgani uchun topshirdim. Ikki bosqichli sinovdan o‘tgach, stipendiat deb e’lon qilindim. Biroq fonddan hujjatlarni rasmiylashtirib berishni so‘raganimda, jamg‘arma direktori o‘rinbosari direktor mening kontraktim qimmatligi bois, men kabilarga to‘lab berilmasligi kerakligi bo‘yicha buyruq berganini aytdi.

Men bu universitetga kirish oson bo‘lmagani, eng nufuzli universitet bo‘lgani uchun kontrakt miqdori ham shunga yarasha bo‘lishini tushuntirdim. U direktor Adhambek Bekmurodovning oldiga borib, gaplashib ko‘rishimni aytdi. Axir vasiylik kengashi qarori bilan stipendiat bo‘la turib, nega bir odamning oldiga borib iltimos qilishim kerak?

Shundan keyin rad xati yozib berilishini talab qildim, biroq ular qo‘llarida yetarli asos yo‘qligini aytishdi», deydi u fond bilan yuzaga kelgan muammolar haqida gapirar ekan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan yana bir stipendiat fond unga kontrakti to‘lab berilmasligini ochiq aytishgani haqida gapirib berdi.

«Men «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiantiman. «TOP-20»likka kiradigan oliygohga o‘qishga kirganman. Ammo fond rahbariyati menga kontrakt to‘lovini to‘lamaymiz, deb aytyapti.

Buning sababini so‘rasam, kontrakti 20 ming dollardan ko‘proq bo‘lsa, sizni o‘qishga jo‘natmaymiz, deb aytishyapti. Hech qaysi yuridik hujjatlarda to‘lov summasiga cheklov qo‘yilmagan va boshida 20 minglik cheklov borligi haqida bizni hech kim ogohlantirmagan. Men shu hujjatlarga asoslanib, eng nufuzli universitetlarga topshirdim va o‘qishga qabul qilindim. «El-yurt umidi» fondiga ishonib, men boshqa muqobil variantlardan voz kechgan edim va aldanib qoldim.

Endi mening ishim nima bo‘lishini so‘rasam, boshqa reytingi past va arzon universitetga o‘qishga kirishim kerakligini aytishyapti. Bunday nufuzli «TOP-20»likdagi universitetga o‘qishga kirish oson bo‘lmadi. Kecha-yu kunduz uxlamay imtihonlarga tayyorlanardim. Men har doim o‘qishi murakkab va sifatli oliygohda o‘qishga intilganman, lekin fond uchun ta’lim sifatining mutlaqo ahamiyati yo‘qligini anglab yetdim. Ko‘pchilik boshqa stipendiantlarda ham shunday holatlar bo‘lyapti, fond rahbariyati hammamizni sarson qilib qiynayapti», deydi shaxsi sir qolishini so‘ragan talaba.

«El-yurt umidi»ning pozitsiyasi qanday?

Holatga oydinlik kiritish maqsadida «El-yurt umidi» jamg‘armasi direktor o‘rinbosari Odiljon Sattorov bilan bog‘landik.

Odiljon Sattorov

«Biz hech kimga kontrakti to‘lab berilmasligini aytmadik. AQSh, Buyuk Britaniyada sentabrdan o‘qish boshlanadi. Hozir har bir universitetga xat yozyapmiz, kontrakt miqdoridan chegirma olish harakatidamiz. Agar bu universitetlar chegirma bermasa, boshqa universitetni taklif qilamiz. Agar stipendiat biz tanlagan universitetda o‘qishni xohlamasa, o‘sha paytda o‘z pozitsiyamizni bildiramiz, oldindan bir narsa deya olmaymiz.

Prezidentning 6168-sonli qarorida bizga ta’lim muassasalarining afzalligidan kelib chiqqan holda nisbatan maqbulini tanlash huquqi berilgan. Bu vasiylik kengashi qarorida ham aks etgan. Mana shu vakolatimizdan foydalanyapmiz», dedi direktor o‘rinbosari.

Jamg‘arma stipendiatlar tanlagan universitetlarning kontrakt miqdori qimmat bo‘lsa, xorijiy ta’lim muassasalariga xat yozib, chegirma olish maqsadida ekanini aytmoqda. 

Jamg‘arma stipendiatlarga natijalar e’lon qilingach, «pastroq kontraktli universitetni tanla» deyishga haqlimi?

Sattorov stipendiatlarga ular tanlagan universitetlarda kontrakt miqdori yuqoriligi bois, jamg‘arma stipendiatlarga pastroq kontraktli universitetlarni tanlash borasida maslahat berish huquqi borligini ta’kidlab, bunga qonuniy asos sifatida prezidentning 2021 yil 11 fevraldagi 6168-sonli qarorini keltirdi.

Xuddi shu hujjatning 2-ilovasi 4-bobida vasiylik kengashining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, shuningdek, jamg‘armaning ta’lim dasturlarida ishtirok etayotgan jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Demak, vasiylik kengashi qarori barcha uchun majburiy. «El-yurt umidi» jamg‘armasi Kun.uz’ga taqdim etgan 2021 yil 29 iyundagi vasiylik kengashi qarorida jamg‘armaga ta’lim xarajatlari afzalligidan kelib chiqib ta’lim muassasani tanlash huquqi berilgani aks etgan. Demak, jamg‘arma kontrakt miqdori afzal universitetni tanlashi mumkin. Lekin qachon? Talabalar hujjatlarini topshirayotgandami? Nega jamg‘armaning bunday huquqi borligi talabalarga hujjat topshirish jarayonida bir nechta oliygohni kiritishi lozimligi tushuntirilmagan? Boshqa muqobil variantlardan voz kechib, «ta’lim muassacasini tanlang» degan qismga talaba aynan qaysi oliygohni kiritishi kerak? Jamg‘arma universitetlardan chegirma so‘radi, oliygohlar so‘rovni rad qildi deylik, stipendiat reytingi pastroq, arzon kontraktli universitetda o‘qishni xohlamadi, axir u harakat qilib eng nufuzli universitetga o‘qishga kirgan, unda nima bo‘ladi? Bu savollarga jamg‘arma rasmiysi aniq javob bera olmadi.

«El-yurt umidi»ga qancha pul ajratilgan?

Direktor o‘rinbosari Odiljon Sattorov bergan ma’lumotga ko‘ra, mutaxassislarni chet elda o‘qitish uchun davlat budjetidan 62,5 milliard so‘m ajratilgan.

Haqiqatan, 2021 yilgi davlat budjeti qonunida «El-yurt umidi» jamg‘armasiga 62 milliard so‘m pul ajratilgan.

Biroq Oliy Majlis Senatining 16-yalpi majlisida bu qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Unga ko‘ra, «El-yurt umidi» jamg‘armasiga nufuzli oliygohlarda o‘qishga yuboriladigan yoshlar sonini 5 barobarga oshirish, ya’ni 82 nafardan 350 nafarga yetkazish uchun qo‘shimcha 80 milliard so‘m ajratiladigan bo‘ldi.

Bu pullar haqida jamg‘arma nega og‘iz ochmadi? Bu ham budjetning, xalqning puli axir?

Jamg‘arma faoliyati qanchalik shaffof?

O‘tgan yillar davomida xorijga o‘qishga yuborilgan talabalar, ularning har biriga qancha mablag‘ ajratilgani, har bir stipendiatga ketgan xarajat tiyin-tiyinigacha ochiq bo‘lishi kerak. Jamg‘arma saytida esa bunday ma’lumotlarni topib bo‘lmadi.

Har bir talabaga qancha mablag‘ sarf qilingani, qancha miqdorda chegirmalarga erishilgani, jami mablag‘dan qancha qoldiq qolgani – bu kabi savollarga javob jamg‘arma barcha sarf-xarajatlarni saytida joylaganda aks etadi deb umid qilamiz. Axir, jamg‘arma o‘zi bayonot berganidek, «budjetning har bir so‘mi qadrli».

Xulosa o‘rnida

«El-yurt umidi» stipendiati deb e’lon qilingan talabalar va jamg‘arma rahbariyatining so‘zlaridan anglashiladiki, talabalarga avvalboshdan kontrakt narxiga oid keyslar to‘g‘ri tushuntirilmagan. Onlayn hujjat topshirish jarayonida ham talaba stipendiat deb e’lon qilingan taqdirda jamg‘arma xorijda ta’lim olish narxlari, muddatlari va shart-sharoitlarining maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda, stipendiatlarning ta’lim olishi uchun nisbatan afzal bo‘lgan xorijiy ta’lim muassasasini tanlash huquqi borligi, shu sababli talaba bir nechta ta’lim muassasasini ko‘rsatishi lozimligi ma’lumot sifatida kiritilmagan.

Jamg‘arma rahbariyati barcha stipendiatlar xorijga o‘qishga yuborilishini va’da qilmoqda. «El-yurt umidi»dan umid bormi? Buni vaqt ko‘rsatadi.

Madina Ochilova

Mavzuga oid