O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon Ko‘ksaroyda tor doiradagi maslahatlashuvlardan so‘ng, muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdi.
Rasmiy relizga ko‘ra, delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi an'anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, har ikkala mamlakatning taraqqiyotga erishish yo‘lidagi islohotlari ham bir-biriga hamohang va o‘xshash ekanini ta'kidladi.
“Dunyoda yuksak nufuzga ega Pokiston – O‘zbekiston uchun salohiyatli va istiqbolli hamkordir. Siz bilan biz “Naya Pakiston” va Yangi O‘zbekistonni quryapmiz. Ijtimoiy yo‘naltirilgan islohotlarimizning mazmuni va ruhi bir-biriga o‘xshash va uyg‘undir. Sizning ushbu tashrifingiz ko‘pqirrali munosabatlarimiz tarixida yangi davrni boshlab beradi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.


Tomonlar o‘zaro sheriklikni kengaytirishga intilishlari qat'iy ekani va bu borada aniq choralarni ko‘rishga tayyorligini qayd etdi.
Keyingi davrda o‘tgan uchrashuvlar hamda onlayn-sammitdan so‘ng o‘zaro munosabatlarda katta siljishga erishildi. Ko‘p qirrali muloqotlar va madaniy almashinuvlar faollashdi.
Kecha, 14 iyul kuni Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi. Bugun esa Toshkentda birinchi marta O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmonlari biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo hajmi to‘rt barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni deyarli yuzdan ortiqqa ko‘paydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 163 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Pokiston Janubiy Osiyo va jahonning yirik bozorlariga chiqishda O‘zbekiston uchun muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi. “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lining qurilishi nafaqat savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, balki mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.


















