Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida Farhod mahallasida bo‘ldi, aholi vakillari kanalizatsiya quvuri 2017 yildan beri ishlamay qolganini ma'lum qildi.

Joriy yilning fevral oyidan boshlab chiqindi ko‘chaning qatnov qismiga, fuqarolarning xonadonlariga ham toshib chiqishni boshlagan. Issiq kunlar kelganida qo‘lansa hiddan ochiq havoda o‘tirib bo‘lmay qolgan.

Hududda joylashgan 2-maktab o‘quvchilari ham aynan shu ko‘chadan o‘tadi. Sanitariyaga zid holat ularning sog‘ligiga xavf tug‘dirishi mumkin. Odamlar esa turli kasalliklar paydo bo‘lishi mumkinligidan ham xavfsiramoqda.

 G‘anisher Anorqulov

«Taxminan uch yillar avval oqova suvlar uchta xonadon hovlisida to‘lib qola boshlagandi. Shu yilning fevralidan boshlab esa quduqlardan toshib chiqishni boshladi. Fevral-mart oylarida Shirin shahar suvoqova tashkilotiga borib murojaat qildim va ariza yozdim. Lekin hech qanday ish qurolisiz shunchaki ko‘rib ketishdi. Keyin yana qayta murojaat qildim. Ular esa kelib, ushbu chiqindi suvlarini maktab hududiga chiqarib tashlash bilan cheklanishdi.

Keyinchalik may oyida ham murojaat qildim. Ulardan «xohlagan ishingizni qilavering, biz hech narsa qila olmaymiz», degan javobni oldim», deydi G‘anisher Anorqulov.

Odamlar natija bo‘lavermaganidan so‘ng, viloyat hokimi va prezidentning Shirin shahar xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Lekin hozirga qadar ushbu muammo hal etilmay qolib ketavergan.

 Zulayxo Kenjayeva

«Obod ishlar birinchi navbatda tozalikdan boshlanadi. 2017 yildan beri kanalizatsiya muammosi bo‘yicha murojaat qilamiz. Avvaliga mahallamiz 2018 yilda, keyin 2019 yilda «Obod mahalla» davlat dasturiga kiritiladi, degan javobni berishdi.

2020 yilda kelishdi, ammo oqova suvlari quvurlarini ta'mirlamay turib, yo‘lni asfaltlab ketishdi. Shirin shahar suvoqova tashkilotiga murojaat qilganimizda, biz aralasha olmaymiz, deb javob berishdi. Bu yerda kechqurun hovlida ham, ko‘chada ham o‘tirib bo‘lmaydi. Biz ham toza havodan nafas olsak, deymiz»