Baliqni bejizga yetti xazinaning biri deyishmaydi. Dasturxonimizni bezab turuvchi ushbu totli ne'mat inson sog‘lig‘iga qanchalik darajada foydali ekanligi hammamizga ma'lum. Baliqchilik biznesini esa eng serdaromad sohalardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki O‘rtachirchiq tumanida baliqchilik bilan shug‘ullangan fermerlar bilan suhbatlashib, bunga amin bo‘ldik.

Ilk manzilimiz O‘rtachirchiq tumanidagi Toshkent viloyati suv omborida o‘z faoliyatini tashkil etgan “JAHONGIR AGRO BIZNES” fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Xo‘jalik rahbari Sanjar Salomov yo‘lga qo‘ygan tadbirkorligi haqida ma'lumot berdi.

“Fermer xo‘jaligimizda o‘tgan yili 330 tonnadan ortiq baliq yetishtirilgan. Bu yilgi rejamiz kamida 400 tonnalik natijaga erishishdir. Biz faqat bir turdagi – zog‘ora baliq yetishtiramiz. Ularni 146 ta baliq qafas moslamalari (sadok)da boqamiz. Ushbu baliqchilik inshootini Ipotek bank qoshidagi Ipoteka lizing tashkilotidan 3 yilga lizing asosida oldik. Boshida 10 dona baliq qafas moslamalari (sadok) olgan bo‘lsak, keyin bu miqdorni oshirib, ishni kengaytirdik.

Bu ishlarni yo‘lga qo‘yishimizda Ipoteka bankining ajratgan mablag‘lari juda katta yordam berdi. 2018 yilda 2 mlrd.so‘m kredit olgan bo‘lsak, uni o‘z vaqtida qaytarib berdik. 2019-2020 yillarda yana 6 mlrd.so‘mlik mablag‘ olib, tadbirkorligimizni rivojlantirishga erishdik”, - dedi Salomov. 

Press-tur davomida O‘rtachirchiq tumani, O‘rtasaroy QFYdagi “GOLDEN FISH GROUP” MChJ’ga ham bordik. Korxona rahbari Sergey Lagutin OAV xodimlariga yetishtirilayotgan noyob baliq turlari va korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.