«Frans-press» agentligi xabar berishicha, 23 yil muqaddam Kobayasi va yana bir komik sketch tayyorlashgan, unda ular bolalarning ko‘nglini oluvchi aktyorlar sifatida namoyon bo‘lishgan. Bu nomer davomida bo‘lajak rejissyor qog‘oz qo‘g‘irchoqlarni ko‘rsatadi va deydi: «Sen Xolokost o‘ynashni taklif qilgan vaqtdan buyon ular bizda».
Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi rahbari Seyko Xasimoto rejissyorning ishdan olinishi bo‘yicha qarorni uning so‘zlari «og‘riqli tarixiy faktlar» ustidan kulish bo‘lib qolgani bilan izohladi.
Bu hazil haqidagi video internetda aylana boshlagach, rejissyor iste'fo berdi va o‘zining o‘sha vaqtdagi harakatidan afsusdaligini bildirdi. «Ko‘ngilochar shou odamlarda yoqimsiz hislar uyg‘otmasligi kerak. Men bu ahmoqona so‘zlarni aytishim noto‘g‘ri bo‘lganini tushunaman va buning uchun afsusdaman», degan Kobayasi.
Antisemitizmga qarshi kurash hamda Xolokost qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bilan shug‘ullanadigan yahudiylarning Vizental markazi ham ushbu holatni e'tiborsiz qoldirmadi. «Hech kimda, hatto ijodkorlarda ham natsistlarning genotsidi qurbonlari ustidan kulishga huquq yo‘q», deydi markaz vakili Abraham Kuper.
Mojarolar zanjiri
Ochilish marosimi rejissyori ishdan ketgach Olimpiada tashkilotchilari bu hodisani qanday o‘tkazish haqida bosh qotirishmoqda. Koronavirus pandemiyasi tufayli marosim ishtirokchilari soni cheklangan - faqat 950 kishi qatnashishi mumkin.
«Marosim o‘tkazilishiga juda kam vaqt qolganini hisobga olib, Olimpiada ishtirokchilari, Tokioda yashovchilar va yapon jamoatchiligini xavotirga qo‘yganimiz uchun uzr so‘raymiz», degan Xasimoto.
Rejissyor atrofidagi mojaro - Olimpiada tashkilotchilari vakillari siyosiy jihatdan ehtiyotsizlik qilgani tufayli ishdan chetlatilgan birinchi holat emas.
Hafta boshida Tokio Olimpiadasi ochilish marosimi kompozitori bolaligida sinfdoshlari ustidan muntazam ravishda kulib kelgani ma'lum bo‘lgach va u jurnalistlar bilan suhbatda buning uchun afsuslanmasligini bildirgach, ishdan ketishiga to‘g‘ri kelgandi.
Mart oyida o‘yinlarning ijodiy direktori Xirosi Sasaki yaponiyalik komik va modeler Naomi Vatanabe "olympig" (ya'ni olimpiya cho‘chqachasi) bo‘lishi mumkinligini aytib hazil qilgach, iste'fo bergandi.


















