Jahon | 02:17 / 24.07.2021
12650
2 daqiqa o‘qiladi

Haiti prezidenti dafn marosimida tartibsizliklar yuz berdi

Foto: AP

Haitining marhum prezidenti Jovenel Moizning dafn marosimi o‘tgan joy yaqinida tartibsizliklar yuz berdi. Bu haqda guvohlarga tayanib Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, dafn marosimi o‘tgan joy yaqinida gaz hidi sezilgan va otishma ovozi eshitilgan. U yerda namoyishchilar yig‘ilgan. Ular hukumatni Moizning o‘ldirilishida hamda prezidentni himoya qilish uchun hech qanday choralar ko‘rmaganlikda ayblashgan. Shuningdek, namoyishchilar Moizning o‘ldirilishi tegishli tarzda tergov qilinmayotganini ta'kidlashgan. Voqea joyida qancha namoyishchilar to‘plangani ma'lum qilinmagan. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zni achishtiruvchi gaz qo‘llagan.

Ta'kidlanishicha, namoyishchilar dafn marosimida nutq so‘zlaganlarga xalaqit qilishgan. Shu sababli marosimni olib borgan ruhoniy vaqti-vaqti bilan baqirib gapirishiga to‘g‘ri kelgan.

Tartibsizliklar yuz berganini AP axborot agentligi manbalari ham tasdiqlagan. Agentlikning ta'kidlashicha, AQSh delegatsiyasi dafn marosimini barvaqt tark etgan.

Dafn marosimida Moizning bevasi Martin Moiz ham so‘z olgan. U turmush o‘rtog‘i uchun “o‘ch olinishi yoki zo‘ravonlik avj olishini istamasligini” aytgan.

22 iyulda Haiti hukumati Moiz bilan vidolashish marosimini qisqartirilgan tartibda o‘tkazgan. Bunga marosim o‘tgan Kap-Aiten shahrida boshlangan tartibsizliklar sabab bo‘lgan. Norozilar marosimga kelgan amaldorlarning mashinalariga toshlar uloqtirishgan. Politsiyachilar va marosimga taklif qilingan shaxslarning qo‘riqchilari tartibsizliklar ishtirokchilarini quvish uchun havoga o‘q uzishgan.

Jovenel Moiz 7 iyulda o‘z qarorgohida bir guruh yollanmalar tomonidan o‘ldirilgandi.

Mavzuga oid