Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vazirining funksional vazifalari, Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati hamda Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning «Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.
Turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Kotibiyatga Bosh vazir rahbarlik qiladi.
Kotibiyat O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziriga bo‘ysunadi, uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Quyidagilar Kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- turizmni jadal rivojlantirish sohasida:
- 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasiga muvofiq turizmni, avvalambor, xususiy sektorda rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini va sifatini oshirish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida faol va kompleks ravishda targ‘ib qilish choralarini ko‘rish;
Konsepsiyaga muvofiq belgilangan quyidagi ustuvor vazifalarning amalga oshirilishini ta'minlash:
- turizm faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan xalqaro me'yor va standartlarni implementatsiya qilish;
- turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda maqbul va qulay turizm muhitini yaratishni ta'minlash;
- transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yo‘nalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirishni ta'minlash;
- turizm bozorining turli segmentlariga yo‘naltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilishni ta'minlash;

















