Kunni yengil atletika bo‘yicha bahslar boshlab berdi.

Uch xatlab sakrash musobaqasida ishtirok etgan Ruslan Qurbonov saralash bahslarida uch urinishda ham sakray olmadi va musobaqani hech qanday natijasiz yakunladi.

O‘zbekiston boks jamoasi esa turnirda katta muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Bugungi bahslardan keyin 11 nafar sportchidan faqat bir nafari turnirda qolmoqda.

3 avgust kuni o‘zbekistonlik uch bokschi chorakfinalda ringga chiqdi. Dastlab Rio Olimpiadasi chempioni Shahobiddin Zoirov (-52 kg) filippinlik Karlo Palamga qarshi jang qildi. Dastlabki raund filippinlik bokschining hisobiga yozildi. Ikkinchi raund davomida referi Zoirovning qoshi yorilgani uchun jangni to‘xtatdi. Shu vaqtga qadar to‘plangan ochkolar hisobiga ko‘ra filippinlik bokschi g‘olib deb topildi. Endi u yarimfinalda mezbonlar vakili Kosey Tanakaga qarshi ringga chiqadi.

Elnur Abduraimov (-63 kg) armanistonlik Xovxannes Bachkov qarshisida ojiz qoldi - hakamlar bir ovozdan uning raqibi g‘alabasini qayd etishdi.

Rayhona Qodirova (-60 kg) esa braziliyalik Beatriz Ferreyraga yutqazib, medaldan quruq qoldi.

Endilikda O‘zbekiston boks jamoasida medal uchun kurashadigan birgina vakil qoldi. Bahodir Jalolov 4 avgust kuni yarimfinalda britaniyalik Freyzer Klarkka qarshi jang qiladi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston boks terma jamoasi besh yil muqaddam, Rio Olimpiadasida 3ta oltin, 2ta kumush va 2ta bronza bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

Yunon-rum kurashi jamoasining so‘nggi vakili Rustam Assakalov (-87 kg) ishtirokini yaxshi boshladi. U 1/8 finalda gruziyalik jahon chempioni Lasha Gobadzega qarshi kurash olib bordi. Unda O‘zbekiston vakili 6:5 hisobida g‘alaba qozondi.

Ammo chorakfinalda o‘zbekistonlik kurashchi xorvatiyalik Ivan Xuklekka mag‘lub bo‘ldi - 1:4. Xuklek esa yarimfinalda ukrainalik Jan Belenyukka qarshi gilamga chiqib imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Natijada Rustam Assakalovda bronza uchun kurashish imkoniyati bo‘lmadi.