“Haqiqatan ham Mavlon Shergaziyevni sud qaroriga asosan Sayxunobod moliya bo‘limi mudiri yoki unga tenglashtirilgan lavozimga ishga tiklash belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining moliya organlariga ishga tiklash to‘g‘risida maxsus farmonlari bor. Farmon talabiga ko‘ra, moliya organlari mudiri lavozimiga ishga tayinlash tartibi boshqacharoq.

Ya'ni qanday? Ushbu lavozimga nomzodni tuman hokimi tavsiya etadi, moliya vaziri bu taklifga rozilik bildiradi, shundan so‘ng nomzod tegishli hududiy kengash tomonidan lavozimga tayinlanadi. Ya'ni tuman moliya bo‘limi boshlig‘i xalq deputatlari tuman/shahar kengashi, viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Mavlon Shergaziyevning nima uchun shu paytgacha Sayxunobod moliya bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlamayotganiga ochiqlik kiritish maqsadida bularni aytib o‘tyapman. Mazkur masalani ko‘rib chiqish vakolati tuman kengashi deputatlariga berilgan.

MIBning Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi va Sayxunobod tumani bo‘limi hokimlikka xat kiritgan. Albatta, sud qarorida ham Shergaziyev tuman moliya bo‘limi mudiri lavozimiga yoki unga tenglashtirilgan lavozimga tayinlansin deb belgilangani uchun hokimlik tomonidan boshqa lavozim tavsiya etilgan. Chunki tuman moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimi ayni paytda band hisoblanadi. Lekin Shergaziyev tuman moliya bo‘limi boshliqligi yoki boshqa bir lavozim berilishini so‘ragan.

Shu yilning iyun oyida Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini oshirish bo‘yicha respublika kengashi nomidan bu masalani o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun Sirdaryo viloyati hokimiga yo‘llanma xat kiritganmiz. Ayni paytda ushbu masala ko‘rib chiqilyapti. Shergaziyevga tuman moliya bo‘limi mudirligi yoki unga teng boshqa lavozim tavsiya etiladi.

Bu masala Kun.uz’da ham yoritilgan, bundan ham xabarimiz bor. Hozir rahbarimiz ko‘rsatmasiga asosan bu ijro hujjatini Respublika MIB ish yurituviga oldik. Endi bu masala bilan o‘zimiz shug‘ullanamiz va natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beramiz”, – deya MIB Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hujjatlarini ijro etish bo‘limi boshlig‘i Ahrorbek Arziyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.