Kobul qurshovga olinib, hujum boshlangani haqidagi xabarlar ko‘p vaqt o‘tmay mamlakat ichki ishlari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulsattor Mirzakval Tolo News telekanalidagi chiqishi orqali Kobulga hujum qilinmasligi va hokimiyat tinch yo‘l bilan topshirilishi haqida ma'lum qildi.

CNN «Tolibon» vakillari «hokimiyatni qabul qilish» uchun prezidentlik saroyiga kelgani haqida xabar bergan. 

Avvalroq «Tolibon» rahbariyati o‘z harbiylariga tinch fuqarolar hayoti xavf ostida qolmasligi uchun shahar ichiga kirmaslikni buyurgani ma'lum bo‘lgandi. Shuningdek, afg‘onlardan mamlakatni tark etmaslik so‘ralgan va jamiyatning barcha qatlamlariga yangi davlatda joy topilishi bildirilgan.

Toliblarning va'dalariga qaramay, mahalliy aholi shaharni tark etishga shoshilmoqda. Lekin ayni vaqtda Afg‘onistonning barcha chegara punktlari toliblar qo‘lida va mamlakatdan faqat Kobuldagi xalqaro aeroport orqali chiqib ketish mumkin.

Ashraf G‘ani ketadi, faqat sharti bor
Al Arabiya telekanali ma'lumotiga ko‘ra, prezident Ashraf G‘ani yaqin soatlar ichida o‘z postini tark etadi va mamlakatda hokimiyat rasman «Tolibon» qo‘liga o‘tadi.

Shu telekanal Afg‘onistonning sobiq ichki ishlar vaziri, mamlakatning GFRdagi sobiq elchisi Ali Ahmad Jaloliy o‘tish hukumati rahbari vazifasini o‘z zimmasiga olishga rozi bo‘lgani haqida xabar bergan. Qayd etilishicha, u «mamlakat vaqtinchalik ma'muriyati rahbari vazifasini o‘z zimmasiga olgan».

Ahmad Jaloliy. © AP Photo/Musadeq Sadeq

RIA Novosti Ashraf G‘ani hali vakolatlarini topshirmagani va mahalliy siyosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlarni davom ettirayotganini xabar qilgan.

G‘ani vorisi ma'lum bo‘lmagunicha hamda sulh va saylovlar o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuv imzolanmagunicha hokimiyat topshirilmasligini aytgan.

Pokistonning Geo TV telekanali ma'lumot berishicha, Afg‘oniston milliy kelishuv bo‘yicha oliy kengashi rahbari Abdulla Abdulla «Tolibon» va Kobul hukumati muzokaralarida vositachilik qilmoqda.

Ayni vaqtda toliblarning Dohadagi ofisi rahbari mulla Abdul G‘ani Birodar ham Afg‘onistonga yo‘lga tushgan.