Bugun biz hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz Abdulloh 17 yoshda, u Eronda tug‘ilgan. Onasi Andijon viloyatidan. U 1999 yilda ish topish maqsadida O‘zbekistondan Eronga ketadi va o‘sha yerda turmushga chiqadi. Oila bir necha yil muqaddam pul topish uchun avval Turkiyaga, keyinchalik Iroqning IShID ishg‘ol qilgan hududiga borib qolgan.

2019 yilning may oyida O‘zbekiston hukumati uyushtirgan “Mehr-1” operatsiyasida qaytarilgan o‘smir o‘zi, ota-onasi va Iroqdagi hayoti haqida so‘zlab berdi.

O‘qlar yomg‘iri, majruh bolalar va Iroq lagerlaridagi hayot

— Oilada uch singlim va men – 4 farzandmiz. Shu yoshimga qadar maktabda o‘qimaganman. O‘qish-yozishni, hisob-kitobni ham bilmaganman. Ota-onamdan meni o‘qitishlarini so‘rardim.

Hech qachon bir xil sharoitda yashamaganmiz. U yerda vaziyat juda og‘ir – ba'zida yomg‘irday yog‘ilgan o‘qlar... Bombalardan bolalar tanasi parchalanadi, onalar bolasining ko‘z oldida jon beradi. Urush boshlanganda jonni asrash uchun qochishga to‘g‘ri keladi. Shu qoch-qochlarda onalar bolalarini yo‘qotib qo‘yishadi.

Yozning issig‘ida, qishning sovug‘ida palatkalarda yashashga majbur bo‘lganmiz. To‘xtovsiz janglar, tushadigan bombalar tufayli havo zaharlangan, shuning uchun har xil kasalliklar tarqaladi.

Urush ancha og‘ir pallaga kirgach, Iroq hukumatiga taslim bo‘ldik. Hozir ota-onam Iroq hukumati qo‘lida qolgan. U yerda hamma millatdan bor. Ular hammasi qattiq pushaymon.

Ota-onam hozir aniq qayerda ekanini bilmayman. Chunki Iroqdagi lagerda bizni ajratishgan. O‘shanda otamni oxirgi marta ko‘rdim. Onam hayot ekanini bilaman, xolos.

Lagerda 50-80 kishi bitta xonada yashashga majbur bo‘lganmiz. Tiqilinch, yotishga joy topish muammo. Ikkita matrasda 5 kishi joylashishi kerak. Boshida matras ham yetishmagan, betonda yotishimizga to‘g‘ri kelgan.

“Kasal singlimni qo‘yib yuborayotib, onam qattiq yig‘ladi”

— Bizga O‘zbekistonga ketishimiz haqida xabar kelganda, 1,5 yashar kenja singlim og‘ir kasal edi. Onam uning o‘lib qolishidan qo‘rqardi. Iroq harbiylari uning qo‘lidan singlimni tortib olishganda, onam qarshilik qilib ulardan singlimni qaytarib oldi. Shunda onamdan singillarimni menga ishonib topshirishini, o‘zim ularga yaxshi qarashimni aytdim – onamni ko‘ndirdim. Shunda onam juda qattiq yig‘ladi. Bizdan ajralishi qiyin bo‘lgan.