O‘zbekiston | 11:42 / 17.08.2021
6408
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik harbiylar Janubiy Koreyaga o‘qishga yuboriladi

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida Koreya Respublikasi Milliy mudofaa vazirligining O‘zbekiston bilan hamkorlikka mas'ul xodimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Uchrashuvda harbiy ta'lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda davom etish, xususan, o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarni Janubiy Koreya Qurolli Kuchlari oliy harbiy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, koreyalik va o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb etish amaliyotini davom ettirish, jumladan, onlayn shaklda ikki mamlakat oliy harbiy ta'lim muassasalarida har ikki tomon uchun eng dolzarb mavzular bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.

Harbiy tibbiyot sohasida, jumladan, tibbiyot harbiy akademiyalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish zarurligi alohida qayd etildi.

Koreya Respublikasi Qurolli Kuchlari tibbiy qo‘mondonligi qo‘mondonining O‘zbekistonga amaliy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zaro manfaatlarning keng sohalarini hisobga olgan holda joriy yil oktabr-noyabr oylarida O‘zbekiston va Janubiy Koreya mudofaa idoralari o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish xususida kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid