12+3=55. Yuqoridagi arifmetik amaliyot noto‘g‘ri ekanini kichik sinf bolasi ham juda yaxshi biladi. Ammo, ushbu hisob-kitob to‘g‘ri ekanini isbotlashga urinishlar hatto sud amaliyotida ham kuzatilishi mumkin ekan. Navbatdagi shikoyatni o‘rganish davomida shunday xulosaga keldik.
O‘z vaqtida bozor kursida salkam 1 mln dollarlik mulki tortib olingan tadbirkorga kompensatsiya evaziga atigi 15 sotix yer berilmoqda. U 10 yil davomidagi murojaatlari natijasida qo‘lga kiritgani – 15 sotix quruq yer maydoni, xolos.
2 mlrd so‘mdan ortiqroq tovon puli 2021 yil 1 fevraldan beri to‘langani yo‘q.
1994 yildan buyon ishlab chiqarish jamoasi sifatida faoliyat yuritib kelgan va 2001 yilda “Tulpor Savdo Uyi” MChJ sifatida tashkil etilgan firma ta'sischisi Zokirjon Azamatovga ko‘ra, 55 sotix yer maydoni va 2035 kv.m. bino 2011 yilda, Toshkent shahar hokimi qarori bilan hech qanday tovon puli hamda yer maydoni taqdim etilmasdan, og‘zaki va'dalar bilan buzib tashlangan.

“2011 yil 6 aprelda to‘satdan kelishib, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olindi, do‘kon buziladi, deyishdi, lekin hammasi bizga nisbatan “reydercha” usulda bo‘ldi. O‘sha vaqtda hammamiz shokda bo‘lganmiz, tushunib-tushunmaganmiz.
6 aprel kuni 6 ta mashinaga hisob ma'lumotnoma yozib sotyapman, mijozlar pulini to‘lab avtomobil xarid qilyapti, shu vaqtning o‘zida binoning tunuka tomini ko‘chirishyapti. Avval ular bizga joy berishi, kompensatsiya to‘lashi kerak edi. Lekin bularning hech biri bo‘lmadi. Juda katta kuch bilan kelishdi, majburlab buzishdi”, – deya 2011 yilni eslaydi Zokirjon Azamatov.
Uning aytishicha, korxona 55 sotix yer maydonida joylashgan bo‘lib, 2035 kv.m. bino hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ega bo‘lgan. Shuncha joyning evaziga 3 sotixgina quruq yer maydoni berilgan. 2011 yildan boshlangan shikoyatlardan so‘ng, 2015 yilga kelib yana 12 sotix yer maydoni berish haqida qaror chiqqan. Uni ham 2017 yildagina rasmiylashtirishning imkoni bo‘lgan.
“6 yil deganda 12 sotix quruq yer oldim. Uni olish uchun ham rosa ovora bo‘lganman. Arxitektura boshqarmasi o‘z xulosasini berdi, Qurilish boshqarmasida esa 2 yil umrim o‘tdi”, – deydi Z. Azamatov.








