O‘zbekiston | 08:41 / 24.08.2021
4408
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorning «snos» qilingan mulki uchun kompensatsiya to‘lamagan Qarshi shahar hokimligi sudda yutqazdi

Foto: KUN.UZ

Tadbirkorning «snos» qilingan mulki uchun kompensatsiya to‘lamagan va uning murojaatlarini e'tiborsiz qoldirgan Qarshi shahar hokimligi sudda yutqazgan. Endi hokimlik tadbirkorga sud qarori asosida kompensatsiya mablag‘ini to‘lab beradi. Bu haqda Kun.uz’ga Biznes-ombudsman devoni yetakchi inspektori O.Xurramov xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Biznes-ombudsman devoniga Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi «Davr» MChJ (tadbirkorlik sub'yektining nomi o‘zgartirilgan) buzilgan ko‘chmas mulki yuzasidan kompensatsiya mablag‘i to‘lanmaganligidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Mazkur murojaat yuzasidan biznes-ombudsman vakillari o‘rganish olib borgan.

O‘rganishda aniqlanishicha, «Davr» MChJ 2012 yil 12 iyuldagi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq Qarshi shahri, A.Temur ko‘chasi 118-uyda joylashgan umumiy maydoni 182,41 metr kvadrat bo‘lgan yoshlar markazi va sex binosining bir qismini sotib olgan. Mazkur oldi-sotdi shartnomasi asosida Qarshi shahar Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati davlat unitar korxonasi tomonidan 2012 yil 6 avgustda kadastr hujjati rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng, Prezidentining 2013 yil 25 iyuldagi PQ – 2010-sonli qarori bilan tasdiqlangan Mavjud radial magistral yo‘llarni kengaytirish va rekonstruksiya qilish orqali transport harakatini takomillashtirishning kompleks sxemasiga muvofiq savdo do‘koni binosi joylashgan Qarshi shahrining A.Temur ko‘chasida kapital remont va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirilgan.

Mazkur ko‘chada «snos» ishlari boshlanganda Qarshi shahar hokimligi tomonidan «Davr» MChJga 2017 yil 24 iyulda 1/115-son ogohlantirish xati berilib, savdo do‘koni binosi yuqoridagi qaror asosida buzilishga tushgani ma'lum qilingan. Keyinchalik esa hokimlik tomonidan tadbirkorlik sub'yektiga kompensatsiya to‘lanmagan holda ko‘chmas mulk buzib tashlangan.

Qayd etilishicha, «Davr» MChJning buzib tashlangan ko‘chmas mulk uchun kompensatsiya mablag‘ini to‘lab berish to‘g‘risidagi murojaatlari Qarshi shahar hokimligi tomonidan e'tiborsiz qoldirilgan.

Fuqarolik kodeksining 206-moddasi talabiga ko‘ra olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki ekinlarni buzib tashlashga zararlarning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplanguniga qadar yo‘l qo‘yilmaydi.

Shundan kelib chiqib, holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik sub'yekti manfaatida sudga da'vo ariza kiritilgan. Qarshi tumanlararo ma'muriy sudining 2021 yil 10 avgustdagi hal qiluv qarori bilan Qarshi shahar hokimligidan «Davr» MChJ foydasiga 226 million 57 ming so‘m kompensatsiya mablag‘i undirish belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 20 avgustda prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqatida viloyat hokimliklariga «snos» bo‘yicha mablag‘larni 1 sentyabrga qadar to‘lab berish topshirig‘i berildi.

Mavzuga oid