Kun.uz muxbirining xabar berishicha, «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoyishi asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan taklif kiritilgan.

Bugungi Oliy sud majlisiga 115 nafar shaxsga nisbatan kelib tushgan 6 ta jinoyat ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqilganda, ularda sud majlisi bayonnomasi, sud qarori yoki hukm mavjud emasligi, ishlarda faqatgina OGPUning uchlik majlisi bayonnomasidan ko‘chirma borligi aniqlangan.

r_3d-OBS4cVkwkzEujg5iv8mEHw3XSFj.jpg (1280×853)

Sud majlisida quyidagi ishlar ko‘rib chiqildi:

1. Nosirxon to‘ra va boshqalarga oid (92 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan. Mavjud ish materiallaridan aniqlanishicha, ushbu jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida o‘tgan barcha shaxslar hibsga olingach, dastlab ayblovni inkor qilib kelgan bo‘lsada, so‘ng tazyiqlar ostida ayblariga iqrorlik bildirib ko‘rsatuv berganliklari so‘roq bayonnomasida o‘z ifodasini topgan, ularning o‘rtasida yuzlashtirish o‘tkazilmasdan, faqat bergan ko‘rsatuvlari ishga tikilgan.

2. Ibragimbek Chakabayev va boshqalarga oid (16 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan. OGPUning 1932 yil 13 apreldagi bayonnomasidan ko‘chirma mavjud. Biroq OGPUning hukmi mavjud emas: 1932 yil 13 aprelda jinoyat ishi OGPU tomonidan ko‘rib chiqilib, otib o‘ldirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mazkur jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmagan, jinoyat ishida sud hukmi yoki bayonnomasi mavjud emas.

3. Teregulov Osman Igmatulovich va boshqalarga oid (4 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan. Ushbu fuqarolar ma'muriy surgun qilish Komissiyasining 1922 yil 5 martdagi qaroriga ko‘ra konslagerlarga yuborilgan, ayrimlari otishga hukm qilingan.