25 avgust kuni xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ruminiya elchisi Daniyel Kristian Chobanu, Polsha Respublikasi elchisi Radoslav Gruk, Tojikiston Respublikasi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Shveytsariya Konfederatsiyasi elchisi Konstantin Obolenskiy va Germaniya Federativ Respublikasi elchisi Tilo Klinnerdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi keng miqyosli demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar davom etayotgan muhim tarixiy davrda mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabrikladi.

Amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, prezident xorijiy hamkor mamlakatlar, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotganini alohida qayd etdi.

Joriy yil avgust oyining boshida Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, ushbu tadbir yaqin mintaqaviy hamkorlikning kun tartibi keng ekanligini yana bir bor namoyish etgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston yetakchisi Afg‘onistondagi vaziyat rivoji bilan bog‘liq masalalarga alohida e'tibor qaratdi. Bugun ushbu mamlakatda ro‘y berayotgan voqealar butun xalqaro hamjamiyatda tashvish uyg‘otayotgani ta'kidlandi.

O‘zbekiston afg‘on inqirozini tez fursatda tartibga solishga ko‘maklashish uchun muhim tashabbuslarni ilgari surayotgani va zarur sa'y-harakatlarni amalga oshirayotgani qayd etildi.

Jumladan, joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaning maqsadi Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishi va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashadigan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sharoitlarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatimizning yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorligining istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ruminiya bilan ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Bu, avvalo, o‘zaro savdo hajmini oshirish, to‘qimachilik, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yishdir.