Adliya vazirligi “Fermerga madad” aksiyasi doirasida adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan huquqiy monitoring natijalariga asoslanib, sohada bir qator muammo va kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, aksiya doirasida fermerlar bilan tayyorlovchi, ta'minot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda jami 156 223 ta xato va kamchiliklar aniqlangan.

Eng ko‘p qoidabuzarliklar – Qashqadaryo viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Xorazm viloyatlarida.

Infografika: Adliya vazirligi

Xususan, monitoringda 565 ta holatda fermerlar bilan o‘zaro huquq va majburiyatlarni belgilovchi asosiy hujjat – yer ijara shartnomasi tuzilmagani, 794 ta holatda yer ijara shartnomasining nusxasi fermerlarga berilmagani aniqlandi.

“Yer ijara shartnomasi tuzilmasa, hokimliklarga qo‘l keladi, ular istalgan vaqtda fermerdan yerni olib qo‘yishi yoki fermerga istalgan qo‘shimcha talabni qo‘yishi mumkin, natijada fermer mas'ullar xatti-harakati yuzasidan sudga shikoyat qilishda muammoga duch keladi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Shuningdek, o‘rganishlar ko‘pchilik holatlarda tayyorlovchi, ta'minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar o‘zlarining monopol mavqeyidan foydalanib, ayrim hollarda esa davlat organlarining aralashuvi bilan shartnomaviy munosabatlarda fermerlar manfaatlariga zid xatti-harakatlar qilayotganini ko‘rsatgan.

Aksiyaning dastlabki 1 oyida o‘tkazilgan o‘rganishlarda tayyorlovchi, ta'minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan fermerlar o‘rtasidagi shartnomalar 34 861 ta holatlarda kechikib tuzilgani, 48 396 ta shartnoma hududiy qishloq xo‘jaligi bo‘limlaridan ro‘yxatdan o‘tmagani aniqlangan.

Masalan, Shahrisabz tumanida 2021 yilda 137 tonna pilla sotish bo‘yicha tuzilgan 456 ta shartnomalar tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tmagan. Ro‘yxatdan o‘tmagan shartnomani istalgancha o‘zgartirish va unga tuzatishlar kiritish mumkin yoki uni davlat organi tomonidan monitoring qilish imkoniyati bo‘lmaydi. Albatta, bunday o‘zgartirishlar fermer foydasiga bo‘lmasligi aniq.

Shuningdek, monopol mavqeyidan foydalanib fermerlar yetishtirgan mahsulotlar 7 531 ta holatda kontraktatsiya shartnomasi tuzmasdan olib ketilgan.