Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat prezidentning “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2021 yil 1 apreldagi PF-6198-son farmoni ijrosi yuzasidan qabul qilingan.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • uzoq muddatli ssenariylar asosida ustuvor soha va tarmoqlarga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish va mamlakatning innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish;
  • hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarni shakllantirish;
  • ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish;
  • ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish;
  • yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirish.

Qaror bilan quyidagilarni belgilaydigan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:

  • vazirlikning maqomi va tuzilmasi;
  • vazirlik va uning markaziy apparati, hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari va funksiyalari, shuningdek, huquqlari hamda majburiyatlari;
  • vazirlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari, shu jumladan, vazir o‘rinbosarining soha yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy vazifalari hamda javobgarligi;
  • vazirlik faoliyatining tashkiliy asoslari, hisobdorligi, faoliyat samaradorligini baholash mezonlari, hay'at va boshqa maslahat, konsultativ va ekspert organlari faoliyatini tashkil etish tartibi;
  • vazirlik faoliyatini moliyalashtirish va uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi.