Iqtisodda shunday qonun bor – talab bor ekan, taklif tug‘iladi. Ya'ni har qanday mahsulotga yuqori talab bor ekan, uni taklif qiluvchilar va buning ortidan daromad oluvchilar sinfi shakllanishi kerak. Lekin bir qarashda oddiy bu qonun ijara kabi ijtimoiy masala qarshisida ojiz qolmoqda – yillardirki O‘zbekistonda ijara muammoligicha turibdi.

Xo‘sh, nega odamlar pulini to‘lab xotirjam yashay olmaydi? Axir deyarli har qanday iqtisodiy munosabatda mahsulot yoki xizmat pulning ortidan quvib yuradi-ku?

Sub'yektiv xulosalarimizga ko‘ra buning bir necha sabablari bor:

1. O‘zbekistonda hanuz uy-joy bilan ta'minlanish bo‘yicha jiddiy muammo bor, ya'ni alohida boshpanaga ega bo‘lmaganlar soni juda katta. Bu tabiiy talabni keltirib chiqaradi.

2. Ikkinchi sabab birinchisiga bevosita bog‘liq – shundoq ham o‘zidan orttira olmayotganlar orasidan bir necha uy-joy yoki xonadonni ijaraga berish ortidan daromad qiluvchilar sinfi ajralib chiqib, shakllanib ulgurmayapti.

3. Bir qarashda juda foydali biznesdek tuyilsa-da, ijaraga yashovchilar nazdida uy egalari yo‘q joydan pul topayotgandek bo‘lsada, xonadonni ijaraga berish u qadar daromadli ish emas. Mana oddiy misollarga e'tibor bering: Toshkentda quyi segmentdagi 2 xonali kvartiraning o‘rtacha narxi 30 ming AQSh dollari atrofida. Bu narxi eng past – ya'ni ta'mir va jihozlarsiz ko‘chmas mulk. Bunday xonadonni ijaraga berish orqali oyiga 200-250 AQSh dollari daromad qilish mumkin. Ya'ni tikilgan pulning 1 foizi ham chiqmaydi. Yana bu puldan xonadonni saqlab turish bo‘yicha chiqimlarni ham chegirish lozim.

Ma'lumotlarga ko‘ra, muvaffaqiyatli ishlayotgan umumiy ovqatlanish tizimida daromad 25-30 foiz, transportda 20-25 foiz, savdoda esa o‘rtacha 10-15 foizni tashkil qiladi. Shunday ekan, bugungi kunda uzoqni ko‘zlagan tadbirkor oyiga bir foiz ham daromad keltirmaydigan biznesga pul tikmaydi.

4. O‘zbekistonda xorijiy davlatlardagi kabi “daromad uylari” (doxodnyy dom) biznesi shakllanmagan. Aynan mana shunday uylar arzon ijaraga bo‘lgan yuqori talabni qondirishga xizmat qiladi. Bizda ham abjir tadbirkorlar, usta quruvchilar bor. Ayrimlari bu haqda o‘ylab ko‘rgan bo‘lishlari ham mumkin. Lekin bizning tadbirkorlarimiz uzoq muddatli loyihalarga pul tikishni xush ko‘rishmaydi. Buning o‘rniga ularga uy qurib sotgan bir necha karra afzal. Bitirding, sotding, daromadni olding, bas!

Shu bois, to‘lig‘icha ijaraga beriladigan ko‘p qavatli uylarni ayniqsa Toshkentda hanuz uchratmadik.