Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga investitsiya hajmiga qarab foyda solig‘i bo‘yicha imtiyoz beriladi
Prezident “Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
2020 yil 1 yanvardan boshlab maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor bo‘lganligi munosabati bilan mazkur soliq imtiyozlarining foydalanilmay qolgan qismi 2020 yil 1 oktyabrga qadar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilgan ishtirokchilar uchun, ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda, ular reyestrga kiritilgan sanadan boshlab 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarda to‘liq qo‘llaniladi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga 2021 yil 15 sentyabrdan boshlab mahsulot ishlab chiqarishda va o‘z ehtiyojlari uchun foydalaniladigan butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojini foizlar hisoblanmagan va ularning to‘lanishini ta'minlash talab etilmagan holda 120 kungacha muddatga kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash huquqi beriladi.
Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga ortiqcha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini yetti kun ichida qoplab berish tartibiga qat'iy amal qilishi belgilab qo‘yildi.
Bunda, kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra qoplangan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi asossizligi aniqlangan taqdirda, mazkur summa belgilangan tartibda undiriladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda:
- ikki oy muddatda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
- 2022 yil 1 iyulga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini, ularning vazifalari va kutilayotgan natijalarni, shuningdek, ularni joylashtirish joylarini belgilagan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Mavzuga oid
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026
Har ikki yilda 3 ming nafar statistika mutaxassisi o‘qitiladi
10:12 / 10.03.2026
Toshkentda Navro‘z munosabati bilan xalq sayillari tashkil etiladi
09:25 / 18.02.2026