Tadbir yakunida Kun.uz muxbiri Milliy tiklanish partiyasi raisi o‘rinbosari Bahodir Mamatxonovdan «Adolat» SDPning «ko‘chirmakashlik» borasidagi ayblovlari yuzasidan izoh so‘radi.
Ma'lumot uchun, avvalroq «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov jurnalistlarga bergan intervyusida «Milliy tiklanish» partiyasi ularning 3 ta (sudlarni birlashtirish, JIEM Ichki ishlar vazirligidan Adliya vazirligiga o‘tkazilishi, Tergov qo‘mitasini tashkil etish – tahr.) tashabbusini ko‘chirib olganini aytgandi.
— Partiyangiz yetakchisi o‘z dasturini tayyorlashda haqiqatan ham ko‘chirmakashlikka yo‘l qo‘yganmidi?
— Bu yerda ko‘chirmakashlik degan narsa yo‘q. Alisher Qodirov bu masala bo‘yicha o‘z telegram kanalida ham munosabat bildirdi. Buni partiyalar o‘rtasidagi hamfikrlik deb qabul qilish kerak. Biz bu takliflarni 2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida ham bildirgan edik.
Biz bu masalada chuqurlashmoqchi emasmiz. Sababi, saylovoldi dasturimizni «Adolat» partiyasidan avvalroq tasdiqlaganmiz.
Bu parlament saylovlari emas, bu prezidentlik saylovi. Bu jarayonda asosiy e'tiborni xalqni ishontirish, uning oldiga aniq maqsadlar qo‘yishga qaratish kerak.
Ha, parlament saylovida bu kabi g‘oyaviy kurashlar ish berishi mumkin, lekin prezidentlik saylovida emas. Prezidentlik saylovida odamlar yakka nomzodga ovoz beradi.

Albatta, «Adolat» partiyasi ko‘rsatayotgan nomzod Bahrom Abduhalimov juda boy tajribaga ega olim, jamoat arbobi. Bir muddat prezident maslahatchisi sifatida ham ishlagan. Lekin bugun uni odamlar, xalq siyosiy jihatdan taniydimi?
Bahrom Abduhalimov saylovlar oldidan mana shu jihatlarga e'tibor qaratishi kerak. U o‘z fikrlari bilan mamlakatdagi turli ijtimoiy, siyosiy jarayonlarga o‘z munosabatini berish yo‘nalishidan ketishi kerak.
Alisher Qodirovni esa ko‘pchilik xalq taniydi. U ijtimoiy faol inson. OAVga ochiq, tezkor va kreativ. Shu nuqtayi nazardan bu kabi tortishuvlarga chek qo‘yish kerak.















