Kreml Mali hukumati va Rossiya rossiyalik harbiylarni Afrikaning ushbu mamlakatiga yuborish bo‘yicha qandaydir muzokara o‘tkazayotganini rad etgan.
Malidagi harbiy hukumat «Vagner» jangarilarini yollamoqchi ekani haqidagi xabarlar o‘tgan haftada paydo bo‘lgandi.
«Frans press» manbasi xabar qilishicha, Mali «Vagner» XHK bilan mamlakatga mingga yaqin rossiyalik yollanma jangchini tashlash bo‘yicha kelishuv imzolamoqchi.
«Agar Mali hukumati «Vagner» bilan shartnoma tuzsa, bu biz ko‘p yillar mobaynida Sahel mintaqasidagi davlatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun olib borgan va olib bormoqchi bo‘lgan ishlarimizga mos kelmaydigan favqulodda xavotirli signal hisoblanadi», degan Florens Parli.
Mali Mudofaa vazirligi vakili hukumat va rossiyaliklar xususiy qo‘riqlov kompaniyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini istisno etmagan.
«Rasmiy muzokaralar bo‘lgani yo‘q», degan jurnalistlarga Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov telefon konferensiyasi chog‘ida.
«Biz ko‘plab mamlakatlar, shu jumladan Afrika qit'asidagi mamlakatlar bilan aloqalarni, harbiy aloqalarni ham qo‘llab-quvvatlaymiz», deya qo‘shimcha qilgan Peskov.
Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, Malida Rossiya qurolli kuchlari vakillari yo‘q.

«Aftidan, Moskva va Parijning Afrikadagi ta'sir doiralarni kengaytirish uchun raqobati kuchaymoqda. Ba Sahel mintaqasida kuchayib borayotgan radikal kuchlarga qarshi xalqaro darajada kurashga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Mali «Vagner»ning kamida mingta rossiyalik jangchisini yollash niyatida ekani haqidagi xabar Fransiyani tashvishlantirmay qolmaydi. Mudofaa vaziri Florens Parli bunday kelishuv Fransiyaning ushbu mamlakatdagi aksilterror operatsiyalariga putur yetkazishi mumkinligini aytib chiqdi», deydi BBC Afrika bo‘limi redaktori Uill Ross.
Fransiya TIV rahbari Jan-Iv Le Drian agar Malida «Vagner» jangchilari paydo bo‘lsa, Parij u yerdan o‘z harbiylarini olib ketishidan ogohlantirdi.



















