Bu safargi murojaatchi mahalla ahli favqulodda qat'iyatli chiqib qoldi. Ularning mahallasiga bormaganimizcha hol-u jonimizga qo‘yishmadi. Rejalashtirgan boshqa ishlarni bitirib, Jalaquduq tumani Jalaquduq mahallasi Oybuloq ko‘chasiga borgach, chindan ahvol arizachilar aytganicha borligini ko‘rdik. Oybuloq va ularga tutash Bo‘ston ko‘chalarida 70 chog‘lik xonadon yashash uchun kerak bo‘lgan oddiy sharoitlarsiz istiqomat qilmoqda.

Tasvirga oluvchi uskunalarimiz bilan ishni boshlaganimizda atrofimizga juda ko‘p odam yig‘ildi. Har birini bizga aytar so‘zi bor edi. Hududda muammolar yig‘ilaverib, oxiri odamlarning toqati toq bo‘lgan. Ularning aytishicha murojaatlari hech «yuqoriga» yetib bormas ekan. Oqsoqollar, onaxonlar 30 yildan beri biror hokim yoki rahbar hududga qadam bosib, xalq dardini eshitmaganini bildirishdi.

Biz mana shu ko‘chalarni kezib, har bir xonadonda tezakdan tappi yopilishini, qulayotgan simyog‘ochlardagi tosh osilgan elektr simlarni suratga tushirib, ichimlik suvi yo‘qligidan zax buloqdan suv tashiyotgan, elektr quvvati pastligidan oqshom dars qila olmayotgan o‘quvchilar, kiyim dazmol qila olmayotgan ayollar bilan suhbatlashdik.

«Bu yerga ko‘chib chiqqanimizga 40 yilcha bo‘ldi. Bolalar maktabga borib-kelishga bir oyda 2-3 ta poyabzal yirtar edi. Shundan beri o‘zimiz eplab, pul topib, yo‘llarga shag‘al to‘ktirib shu yerga yetib keldik. Shag‘allarimizni «yer yutdi», «svet» ham, ichimlik suvi chatoq. Suvi odamlarni kasal qilyapti, chiroq kech kirganida sham chiroqdan ham battar bo‘lib ketadi. Bolalar dars qila olmaydi.

Yozi bilan bu odamlar qishga tayyorgarlik ko‘radi. Xuddi chumoli don-dun to‘plagani kabi qishi bilan tezak-tappi qilishadi. Mahallada tappi qilmagan oilaning o‘zi yo‘q. Qop-qop tappi, tom to‘la tappi turadi», deydi Ro‘zixon aya Sultonova.