18:21 / 30.09.2021
5445

Bahrom Abduhalimov korrupsiyaga qarshi kurashishda mansabdorlar faoliyatiga «toza qo‘llar» siyosatini singdirishini aytdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov o‘zining saylovoldi dasturida mamlakatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhiti va madaniyatini shakllantirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga «toza qo‘llar» siyosatini singdirishini ma'lum qildi.

«Adolat» partiyasi nomzodining dasturida mahalliy davlat hokimiyati organlariga tanlov asosida ishga qabul qilish va xodimlari sonini maqbullashtirish borasida takliflar kiritilishi aytilgan.

«Maqsadimiz – davlat boshqaruvining barcha sohalarida, ayniqsa, sud tizimi va huquqni muhofaza qilish idoralari faoliyatida, ta'lim sohasida korrupsiyani yo‘q qilishdir. Aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhiti va madaniyatini shakllantirish, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga «toza qo‘llar» siyosatini singdirish, qonun ustuvorligini ta'minlash choralarini ko‘ramiz», – deyiladi Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturida.

Shuningdek, nomzod korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali usullaridan biri sifatida kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning shaffof tizimini yo‘lga qo‘yilishi haqida gapirgan. Buning uchun davlat boshqaruvida kadrlarning intellektual salohiyatini, ma'naviy fazilatlarini baholaydigan oshkora tanlov tizimi amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Bahrom Abduhalimov korrupsiya bilan kurashish nafaqat davlat organlari va huquqni muhofaza etish tuzilmalarining vazifasi, balki butun jamiyatning burchi ekanligini aytib, jamoatchilik nazoratini o‘rnatmay turib, mavjud salbiy illatlarni yo‘q qilib bo‘lmasligini bildirgan.

Avvvalroq, Bahrom Abduhalimov prezident administratsiya va hukumat binolarini Toshkent shahridan tashqariga chiqarishni taklif qilgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston prezidentligiga saylov 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda saylovda ishtirok etadigan beshta siyosiy partiya yetakchilari aholi orasida o‘z targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazmoqda.

Top