Kun.uz muxbirining xabar berishicha, brifing davomida Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov saylov jarayonlarida jamoat xavfsizligini ta'minlovchi organlar, ularning vazifa va majburiyatlari haqida ma'lumot berdi.

«Bo‘lajak saylovning har tomonlama puxta tayyorgarlik asosida o‘tkazilishida jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini ta'minlash muhim.

Saylov kodeksining 49-moddasiga asosan Jamoat tartibini saqlash, saylov o‘tkaziladigan binolar va joylarni qo‘riqlash, shuningdek saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chog‘ida uchastka saylov komissiyalari a'zolarini kuzatib borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatilishi belgilangan.

Bahrom Qo‘chqorov

Shuni alohida aytish lozimki, 2019 yilda o‘tkazilgan parlament va mahalliy Kengashlar saylovlarida saylov komissiyalari bilan Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimlari hamkorligi yaxshi samara bergan.

Ayniqsa saylov byulletenlarini yetkazib berish va saqlash, ovoz berish jarayonida jamoat tartibini saqlash hamda ovoz berish yakunlarini tegishli saylov komissiyalariga yetkazish bilan bog‘liq masalalar tizim xodimlari tomonidan yuqori saviyada bajarilgan.

Shundan kelib chiqqan holda prezidentlik saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi qarori qabul qilindi», dedi u.

Saylov kodeksining 49-moddasi talablaridan kelib chiqqan qarorda quyidagilar aks etgan:

  • Prezidentlik saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi tomonidan;
  • saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha tadbirlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.