Rishtonlik mashhur usta kulol Sharofiddin Yusupov 76 yoshni qarshilagan. Uning otasi ham o‘z davrining mashhur kuloli edi. Sharofiddin kulol yoshligida uyidagi oilaviy ustaxonada kulolchilik sirlarini o‘rgangan.

«Men bu dunyoga kulol bo‘lish uchun tug‘ilganman. Boshqa kasbni orzu ham qilmadim. Mehnatlarim zoye ketmadi. Yaratgan asarlarim dunyoning ko‘plab muzeylarida saqlanadi. Davlatimiz tomonidan mehnatlarim inobatga olinganidan g‘oyat xursandman», – deydi u.

Har bir asarga o‘zgacha mehr

«San'at asarlarimni chet elga sotadigan bo‘lsam, yuragimning bir parchasi o‘sha idish bilan ketadi. Chunki asarlarimga yurakdan mehr berib ishlayman.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, ustaxonamda 100 ta idish bor, ularning biri ikkinchisiga sira o‘xshamaydi. Bugun yasagan laganimni, o‘xshatishim mumkindir, lekin ertaga xuddi shunday qilib yasay olmayman», – deydi Sharofiddin Yusupov.

Shogirdning vazifasi ustoz qo‘lidagi narsani o‘g‘irlab olsa yoki farosatiga joylashtirib olsagina undan haqiqiy shogird chiqadi, deydi Sharofiddin aka.

«Biz ham shogird bo‘lib usta ko‘rganmiz. O‘shanda shogirdlar orasida qobiliyatiga qarab o‘rta hol va yetuk shogirdlar chiqqan. Yaxshi kulol bo‘lish uchun ham insonda qobiliyat bo‘lishi muhim. Menga ham ko‘plab shogirdlar kelgan. Shogirdlikka olinganlar yillar o‘tib qobiliyatiga qarab qolgani qoladi, aksariyati eplay olmay ketadi. 20 nafar ustadan bitta shogird chiqib qolsa, shu ustaning baxti», – deydi usta kulol.

U farzandlarining o‘zidek usta kulol bo‘lishini istamaydi, ular o‘zidan bir pog‘ona baland kulol bo‘lib yetishsagina rozi.

Sharofiddin akaning otasi kulolchilik zavodida ishlagan. Oyligidan ro‘zg‘orga yegulik olib kelgan: ona qornidayoq u kulolchilik ortidan topilgan rizqdan nasiba olgan. Shuning uchun kulolchilikka mehr ona qornidan boshlangan, deb hisoblaydi.