Millatlar ligasi A
Final
Ispaniya — Fransiya — 1:2 (0:0)
Gollar: Oyyarsabal, 64 (1:0). Benzema, 66 (1:1). Mbappe, 80 (1:2).
Ispaniya: Simon, Aspilikueta, Alonso, Lyaport, Garsiya, Buskets, Sarabiya (Pino, 61), R.Ernandes (Merino, 84), Torres (Pablo Fornals, 84), Gavi (Koke, 75), Oyyarsabal.
Fransiya: Loris, Varan (Upamekano, 43), Kimpembe, Pavar (Dyubua, 79), Kunde, T.Ernandes, Pogba, Tshuameni, Benzema, Grizmann (Veretu, 90+2), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Pogba, 46. Kunde, 55. Lyaport, 86. Mbappe, 90.
Hakam: Teylor (Angliya).
10 oktabr. Milan. «Juzeppe Meatssa» stadioni.

Ispaniya va Fransiya Millatlar Ligasida yarimfinalni kuchli o‘tkazishdi va munosib ravishda finalga chiqishdi. Luis Enrikening yoshlari Yevropa chempionlari bo‘lmish italiyaliklardan Yevro-2020 finalidagi mag‘lubiyat uchun qasos olishdi (2:1), Dide Desham jamoasi esa Belgiyaga qarshi o‘yinda birinchi bo‘limdagi kuchsiz o‘yindan keyin qahramonlik ko‘rsatishdi (tanaffusgacha 0:2, yakuniy hisob 3:2).

«Fransiyada ajoyib tarkib. Men hozircha boshlang‘ich tarkibni belgilay olmadim, ammo Ferran Torres o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida. Fransiya termasidagi hujumkor futbolchilar juda kuchli va har qanday o‘yinda burilish yasay olishi mumkin, ammo biz o‘z yo‘nalishimizni o‘zgartirmoqchi emasmiz», — degandi Luis Enrike finaldan oldin raqib haqida.

Amalda esa Torres ham, jamoaning 17 yoshli yarimhimoyachisi Gavi ham ilk daqiqalardan maydonga chiqdi. Faqat hujum uchligining joylashuvi biroz kutilmagan bo‘ldi: Pablo Sarabiya, Mikel Oyarsabal va Torres yana birga o‘ynashdi, ammo ularning har biri hujum chizig‘idagi o‘z odatiy joyini o‘zgartirgandi. Ferran o‘ngda, Oyarsabal markazda, Sarabiya chapda harakatlandi.

«Ispaniyadan to‘pni olib qo‘yish imkonsiz. To‘pga egalik qilish ularning qoniga singib ketgan. Siz pressing qilishingiz mumkin, ammo ular kuchli bosim ostida ham aniq uzatmalar bera olishadi. Qayd etish kerakki, Italiyaga qarshi o‘yinda to‘p yo‘qotilgan vaqtda ularning o‘zi ham yaxshi pressing qo‘llashdi», — deya qayd etdi Desham ispanlarning ustunliklari haqida.

Fransuzlarda maydon markazida Pol Pogbaning yonidan «Monako» yarimhimoyachisi Orelen Tshuameni o‘rin egalladi.