Zarnews.uz saytining yozishicha, Kattaqo‘rg‘on shahri Toshkent ko‘chasida istiqomat qiluvchilar Bosh prokuraturaga yo‘llagan murojaat xatlarida shunday deyishgan:
«Kattaqo‘rg‘on shahar Ko‘hnadam mahallasi, Toshkent ko‘chasida yashovchi aholi, jumladan bizning uy-joyimiz, farzandlarimiz va o‘zimiz bir necha yildan buyon portlash xavfi ostida qolmoqdamiz.
Biz bu haqda bir necha bor Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga, prokuraturaga murojaat qildik. Bizning xavfsizligimiz uchun yuqori bosimli gaz tarmog‘i ko‘chamizdan olib tashlanmadi.
Hududda bir qator avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari qurilgach, aholi xonadonlari orasidan hayotimiz uchun xavfli bo‘lgan yuqori bosimli gaz tarmoqlari o‘tkazildi.
Natijada, 2015 yilda mahallamizdagi yuqori bosimli gaz quvurlaridan Toshkent ko‘chasida joylashgan 147-uyning yerto‘lasiga sizib kirgan gaz ta'sirida kuchli portlash ro‘y berdi. Shundan keyin ham quvurlar boshqa joyga ko‘chirilmadi. Bu yuqori bosimli quvurlar ko‘chirilmasa ko‘plab xonadonlar, odamlar, bolalar jabr ko‘rishi mumkin...
Toshkent ko‘chasidagi xavfsizlik va texnika qoidalariga amal qilmasdan o‘tkazilgan quvurlarni boshqa joydan o‘tkazdirishda yordam berishingizni so‘raymiz».

6 yil avval 147-uyda portlash yuz bergan bo‘lsa, 8 oktabr kuni erta tongda unga qo‘shni bo‘lgan 145-uyda portlash sodir bo‘ldi. Shunisi e'tiborliki, bu uylarga gaz quvurlari tortilmagan. Xonadon devori ortida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tegishli 4ta yirik va bitta kichik, shuningdek aholi uchun gaz quvuri o‘tgan.

Aholi fikricha, ana shu yirik quvurlar nosoz holga kelib, undan sizib chiqqan gaz voqeaga sabab bo‘lgan.














