11 oktabr kuni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Partiya matbuot xizmati nomzodning saylovoldi uchrashuvida e'tibor qaratgan masalalarni ma'lum qildi.
Tabiatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytiriladi
Uchrashuv davomida Narzullo Oblomurodov Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi saylovchilarni o‘z dasturi bilan tanishtirar ekan, jismoniy va yuridik shaxslarning yer, suv va atmosfera havosiga salbiy ta'siri uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish tarafdori ekanini ta'kidladi.
“Partiyamiz tabiatni asrab-avaylash, mamlakatdagi daraxtlar va suv havzalarini, tabiiy yodgorliklarni salbiy antropogen ta'sirdan himoya qilish uchun katta sa'y-harakatlarni amalga oshiradi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni himoya qilish va ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslari ilgari suriladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning yer, suv va atmosfera havosiga salbiy ta'siri uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, yetkazilgan zararni qoplashda “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili tarafdorimiz”, deb aytgan Oblomurodov saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida.
“Orolqum” O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo hududi atmosferasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda”
Prezidentlikka nomzod o‘z chiqishida Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muammolari masalasiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
“Orol dengizining qurishi oqibatida paydo bo‘lgan 5,5 million gektardan ortiq maydonni egallagan Orolqum sahrosi Orolbo‘yi hududi va butun O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo hududining atmosferasiga o‘ta qattiq ta'sir ko‘rsatayotgani barchamizga ma'lum. Ma'lumotlarga ko‘ra, Orolqumdan zararli kimyoviy unsurlar, tuz va tuproq zarrachalaridan iborat chang havoga ko‘tarilib, shamol bilan butun dunyoga tarqalmoqda.
Oxirgi yillarda Orolbo‘yi mintaqasida ilk bor paydo bo‘lgan “tuz yomg‘irlar” aynan shu muammoning o‘ta dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarining ekologik normativlarga muvofiqligini ta'minlash strategik maqsadimiz bo‘lib qoladi”, –










