Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlarga hokimlar rais deb belgilangani yuzasidan izoh berdi.
Burhonovga ko‘ra, hududiy kengashlar o‘z hududida korrupsiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtiruvchi, sohaga oid davlat dasturlari amalga oshirilishini ta'minlovchi va qilingan ishlar haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashiga hisobot berib boruvchi tuzilma hisoblanadi.
“Bu kengash korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ emas. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar sifatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Aksilkorrupsiya agentligi belgilangan. Kengashlar esa kollegial organ hisoblanadi.
Prezident farmoni asosida qayta tashkil etilgan Milliy kengashga bosh prokuror emas, Senat raisi rahbarlik qiladigan bo‘ldi. O‘z navbatida, mantiqiy ravishda hududiy kengashlarga ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki Xalq deputatlar mahalliy kengashlari raislari (hokimlar)ning rahbarlik qilishi maqsadga muvofiqligi belgilandi”, – dedi Akmal Burhonov 19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan “Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi: O‘zbekiston tajribasi va xorij amaliyoti” mavzusidagi davra suhbatida.
Agentlik direktori, hududiy kengash raisi hal qiluvchi ovozga ega bo‘lishi va o‘zi hokim bo‘laturib qanday nazorat qilishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarga javoban, kengash tarkibida jamoatchilik vakillari ham borligini bildirdi.

“Milliy kengash tomonidan hududiy kengashlarning namunaviy tarkibi tasdiqlanib, hududlarga yuborilgan. Mana shu namunaviy tarkibga qaraydigan bo‘lsak, a'zolarning 44 foizi – nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari. 12 foizigina ijro hokimiyatining a'zolari. Qolganlari – huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari. Ya'ni bu yerda bir-birini tiyib turish prinsipi bor.
O‘zi aslida bu tuzilmalarni tashkil qilishdan maqsad – korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda samarali faoliyat yuritish hisoblanadi.






