Jahon | 09:37 / 20.10.2021
7493
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya prezidenti pandemiya vaqtidagi o‘limlar sababli ommaviy qotillikda ayblanishi mumkin  

Braziliya senati komissiyasi prezident Jair Bolsonaruning pandemiyaga qarshi xatti-harakatlari sababli unga ommaviy qotillik bo‘yicha ayblovni ilgari surishni tavsiya qildi. Bu haqda kongress tergovi hisobotiga tayanib CNN telekanali xabar berdi. 

Foto: AP

Hujjatga ko‘ra, Bolsonaru va hukumatning boshqa a'zolari koronavirusdan ommaviy immunitetga erishish maqsadida virusning aholi orasida tarqalishiga yo‘l qo‘ygan. Hujjat mualliflari Braziliya prezidenti ma'muriyatini mamlakatda koronavirusdan qayd qilingan o‘limlarning yarmidan ko‘pida ayblashgan va prezidentga qarshi ommaviy qotillik bo‘yicha ayblovlarni ilgari surishga chaqirishgan. 

“Hukumatning pandemiyaga nisbatan mas'uliyatsiz yondashuvi braziliyaliklarni ommaviy kasallanish xavfi ostiga qo‘ydi”, deb aytilgan hujjatda.

Hujjatda yana 69 nafar boshqa shaxsga, jumladan Bolsonaruning uch o‘g‘liga va hukumatning amaldagi hamda sobiq a'zolariga ayblov qo‘yish tavsiya qilingan.

Hisobot Braziliya senatida 20 oktyabrda muhokama qilinishi kutilmoqda. Hujjat rasman taqdim qilinishi oldidan uning ba'zi qismlariga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

Hisobot ma'qullansa, u kelasi hafta bosh prokuror Augusto Arasga yuboriladi. Shundan keyin Aras 30 kun ichida hisobotdan kelib chiqqan holda ko‘riladigan choralarni e'lon qilishi lozim. Biroq ko‘pchilik Bolsonaruning ittifoqdoshi deb biladigan bosh prokuror prezidentga qarshi ayblovlar ilgari surmasligi taxmin qilinmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Braziliyada pandemiya vaqtida koronavirusga 21,6 mlndan ko‘proq kishi chalingan, ulardan 603 ming nafari vafot etgan.

Mavzuga oid