Shu kuni Kutaisidagi stadionda mahalliy avtozavodga tegishli «Torpedo» klubi Toshkentning «Paxtakor» jamoasi bilan futbol bo‘yicha SSSR oliy ligasining navbatdagi turida o‘zaro to‘qnash keladi. «Torpedo» 1:4 hisobida yutqazgach, muxlislar stadionda tartibsizlik boshlashadi va o‘rindiqlarini sindirib, g‘ishtlarni qo‘porib maydonga uloqtirishadi.

Tunda tartibsizliklar butun shaharga yoyiladi: odamlar ko‘chalarda turgan ko‘plab mashinalarni yoqib yuborishadi, binolarning oynalarini sindirishadi.

Vaziyat militsiya nazoratidan chiqib ketgach, Kutaisiga harbiy bo‘linmalar kiritiladi. O‘rtada otishma sodir bo‘lib, aholi vakillaridan, militsiya xodimlari va harbiylardan bir necha odam halok bo‘ladi, ko‘pchilik yaralanadi. O‘sha hodisalarga guvoh bo‘lganlar keyinchalik «Kutaisi shahridagi vaziyat xuddi frontdagi holatga o‘xshab qolgani» haqida aytishgan edi.

«Torpedo» – «Paxtakor» o‘rtasidagi muhim bahs

1970 yilda SSSR oliy ligasi bahslari tugashiga bir o‘yin qolganda «Paxtakor» Kutaisining «Torpedo» jamoasiga qarshi safarda to‘p surishi kerak edi. O‘shangacha «Paxtakor» 26 ochko, «Torpedo» esa 23 ochko jamg‘argandi.

Ikki jamoa ham turnir jadvalining quyi o‘rinlarida joylashgan bo‘lib, ushbu o‘yin ular uchun juda muhim hisoblanardi. Qaysi jamoa g‘alaba qozonsa, oliy ligada jon saqlab qolardi. «Torpedo»ni durang ham qoniqtirmasdi. Yuqori ligada qolish uchun jamoa faqat g‘alaba qozonishi talab etilardi.

O‘sha kuni Kutaisidagi avtozavod rahbariyati futbol o‘yiniga ko‘proq muxlis tushsin, deb jumani dam olish kuni deb e'lon qilib yuboradi. Stadionga 8 ming atrofida muxlis keladi.

O‘yin boshlanishidan oldin mezbonlar «Paxtakor» murabbiyi Mixail Yakushin va jamoa boshlig‘iga pora berishga urinishadi, lekin ular sport prinsiplarga sodiqliklarini va sotilmasliklarini aytishadi. Shundan so‘ng, gurjilar hakamga pul taklif etishadi. O‘yinga bosh hakam sifatida tayinlangan moskvalik Yuriy Bocharov ham pulni rad etadi.