O‘zbekiston Kubogining 1/4 finali doirasida Jizzaxda bo‘lib o‘tgan o‘yinda «So‘g‘diyona» «Nasaf»ni qabul qildi. 

Uchrashuv mezbonlarning 0:1 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugadi, o‘yindagi yagona gol 54-daqiqada «Nasaf» vakili Shohmalik Komilov tomonidan penaltidan urildi va qarshiliklar ushbu uchrashuv natijasiga ko‘ra (chorakfinal bir o‘yindan iborat) yarimfinalga yo‘l oldi.

O‘yin asabiy ruhda kechdi, bosh hakam jami 11 futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatdi.

O‘yinning oxirgi daqiqalari asabiy ruhda kechdi, 90-daqiqada maydon markazida «Nasaf» himoyachisi va klub sardori Umar Eshmurodov «So‘g‘diyona» hujumchisi Bahodir Nasimovni boshi bilan zarba berib, yiqitdi. Ammo bu vaziyatni bosh hakam Ilgiz Tantashev e'tiborsiz qoldirdi. O‘yinda VAR yo‘q edi, aks holda qarshiliklar himoyachisi qizil kartochkaga loyiq topilishi mumkin edi. 

Aynan shu holat o‘yin yakunlangach, ommaviy tartibsizlikka sabab bo‘ldi. Eshmurodov, shuningdek, jizzaxliklar klubi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev bilan tortishib qolgan. Shundan so‘ng mahalliy muxlislar stadion tunneliga kirayotgan Eshmurodovga qarata turli buyumlarni uloqtirgan. Tartibni saqlash xodimlari orani ochiq qilishga o‘tgan futbolchilarni ajratishga uringan. 

Videolarda kelishmovchilik stadion tunnelida ham davom etganini ko‘rish mumkin.

«Eshmurodov va Nasimov o‘rtasida kelishmovchilik avval ham bo‘lgan»

O‘yindan keyin dastlab qarshiliklar jamoasi ustozi Ro‘ziqul Berdiyev jurnalistlar savollariga javob qaytardi. U mojaroning asosiy ishtirokchilari - Umar Eshmurodov va Bahodir Nasimov o‘rtasida avvaldan kelishmovchilik bo‘lgani haqida aytdi.

«So‘g‘diyona» o‘zi kurashuvchan jamoa, raqibga ham kurash taklif qiladi. Bugun futbolchilarga kurashlarda yutqazmaslik haqida ko‘rsatma berilgandi. O‘yin davomida tartibli harakat qildik. Aynan shuning evaziga yutdik, deb o‘ylayman.